O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandning turizm salohiyatini rivojlantirish haqida ma’lumot berildi
2021-02-12 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan ziyorat turizmini rivojlantirishga doir taqdimot bilan tanishdi.
Joriy yil 9-fevral kuni davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, transport yo‘nalishlarini kengaytirish va sifatini oshirish, sayyohlarga maqbul sharoitlar yaratish maqsadlari belgilandi.
Bu borada Samarqandning salohiyati juda yuqori. Shu bois mazkur viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha kompleks ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Samarqand tumanida turistik markaz tashkil etilmoqda. Bu so‘lim maskanda 8 ta zamonaviy mehmonxona, yirik anjumanlar zali, restoranlar, bog‘ va sayilgohlar bo‘ladi.
Ushbu turistik markazni Samarqand xalqaro aeroporti, temir yo‘l vokzali, Imom Buxoriy maqbarasi, Registon maydoni va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan bog‘laydigan ko‘chalar ta’mirlanmoqda.
Samarqand shahrining turizm salohiyatini rivojlantirish maqsadida 10 ta yangi mehmonxona barpo etilmoqda.
Davlatimiz rahbari taqdimot bilan tanishib, transport, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, Samarqand shahrini obodonlashtirish, savdo va xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti