Namangan viloyatining ishga solinmagan iqtisodiy va sanoat salohiyati o‘rganilmoqda
Joriy yilning 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligida vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan iborat ishchi guruhi Namangan viloyatining sanoat va iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish uchun qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash va hududiy investitsiya dasturini shakllantirish bo‘yicha o‘z ishini boshladi.
Bugungi holatni xolisona baholashning eng samarali vositasi tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish hisoblanadi va shu sababli ishchi guruh a'zolari viloyatning barcha tumanlariga tashrif buyurib, ishlab chiqaruvchilar bilan suhbatlashmoqda va mavjud muammoli masalalarni hal etish uchun birgalikda choralar ko‘rmoqda. Umumiy maqsad – viloyat, tuman va shaharlar, shuningdek, har bir alohida mahalla miqyosida “o‘sish nuqtalari”ni ishga solgan holda sanoat ob'ektlarining uzluksiz ishlashini ta'minlash, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun shart-sharoit yaratish va aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Joylarga chiqish vaqtida vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari tomonidan taqdim etilgan yangi istiqbolli investitsiya loyihalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi, ularni hayotga tatbiq etish uchun Namangan viloyatida barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlar mavjud. Ushbu loyihalarning iqtisodiy samaradorligini tahlil qilish va o‘rganishda asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar sifatida qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, ekportning hajmini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari tashkil etish olindi. Yo‘lga qo‘yilayotgan ishlab chiqarish ob'ektlarining sanoat ixtisoslashuvi ham hisobga olindi – guruh a'zolari viloyatning import tuzilmasini puxta o‘rganib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va iste'molchilar tomonidan eng xaridorgir bo‘lgan alohida mahsulotlar turlarini ajratib oldi. Ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish importga bog‘liqlikni sezilarli darajada kamaytiradi, shuningdek, mahalliy ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga yordam beradi.
Muhokamada mahalliy tadbirkorlar va investitsiya loyihalari tashabbuskorlari ham ishtirok etdi. Ular viloyatda tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish va sanoat ishlab chiqarishini tashkil qilish hamda olib borish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha qator konstruktiv takliflarni bildirdi. Tadbirkorlarning ayrimlari taqdim etilgan istiqbolli investitsiya loyihalari bilan tanishgach, ustida ishlashga va ro‘yobga chiqarishga tayyorligini bildirdi.
Ishchi guruh a'zolari viloyatda eksport salohiyatini rivojlantirish va eksport faoliyatini rag‘batlantirishga ham alohida e'tibor qaratmoqda. Jumladan, ishlab chiqarish ob'ektlaridan birida mahalliy eksportchilar bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda ochiq muloqot davomida ishbilarmonlar mahsulot ishlab chiqarish hamda xorijga sotish jarayonida uchraydigan alohida va tizimli xususiyatga ega muammolar bilan o‘rtoqlashdi. Ko‘tarilgan masalalar bevosita yig‘ilish davomida tezkorlik bilan hal etildi – vazirlik, idora, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari mas'ul rahbarlari tilga olingan muammolarni bartaraf etish, shuningdek, eksportchi tadbirkorlarni samarali qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar oldilar.
“Mahalla raisi – islohotchi” tashabbusi doirasida mahalla rahbarlari bilan ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va aholini kasanachilikka keng jalb etish orqali uning bandligini ta'minlashga qaratilgan yo‘nalish bo‘yicha alohida ishlar olib borilmoqda. Mahallalar hamda tegishli vazirliklar, idoralar, tijorat banklari hamda mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida aholining ish o‘rinlarga, kommunal va ijtimoiy xizmatlarga ehtiyoji bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni tezkorlik bilan aniqlash va hal etishni ta'minlashga qaratilgan yaqin hamkorlik tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ishchi guruhi shu haftada hududda o‘z ishini davom ettiradi. Uning yakunlari bo‘yicha Namangan viloyatining 2021–2022 yillarga mo‘ljallangan hududiy investitsiya dasturi shakllantiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi