O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
2021-02-12 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
So‘nggi besh yilda zamonaviy boshqaruv uslublarini amaliyotga joriy etish, nazorat qilish va ijroni tekshirish shakllarini takomillashtirish, talabchanlikni kuchaytirish borasida amalga oshirilgan muayyan ishlar va davlat boshqaruvi organlari rahbarlari hamda hududlar hokimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlar murakkab sharoitlarda davlat qurilishining serqirra vazifalarini amalga oshirish, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirishni ta’minlash, respublikani barqaror hamda jadal rivojlantirish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, tanqidiy tahlillar ijro intizomi samarasiz darajada ekanligidan dalolat beradigan ko‘plab holatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, birinchi – kiritilayotgan hujjatlar loyihalari yetarlicha iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmayapti; ikkinchi – davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashkiliy hamda nazorat faoliyatining shakllari va uslublari takomillashtirilmagan; uchinchi – qabul qilinayotgan hujjatlarning mazmuni va ahamiyati mansabdor shaxslar tomonidan yetarli darajada o‘rganilmayapti, shuningdek, ushbu hujjatlarni, ayniqsa, aholi va keng jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar mavjud emas; to‘rtinchi – shaxsiy so‘rov va qat’iy talabchanlik o‘rniga ko‘plab ma’lumotnomalar va ma’lumotlar to‘planmoqda, shuningdek, mas’uliyatsiz rahbarlar, boshqaruvning o‘rta va quyi bo‘g‘inlari mutaxassislariga nisbatan liberal munosabatda bo‘linmoqda.
Ayrim Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyatlar, ayniqsa, tuman va shaharlar hokimlari ko‘rsatib o‘tilgan va boshqa kamchiliklarni bartaraf etishni tegishli darajada tezkor, qat’iy va samarali ta’minlamayapti. Shu sababli, mamlakatni, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, shuningdek, hududlarni jadal rivojlantirish borasidagi bir qator ustuvor va istiqbolli vazifalarni amalda hal qilish bo‘yicha qo‘shimcha shoshilinch choralar ko‘rish, shu jumladan, zaxiralar va byudjet mablag‘larini topish talab etilmoqda.
Qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishning ta’sirchan tizimini yaratish, mamlakat Oliy Majlisiga 2020 yil 29 dekabrdagi Murojaatnomada, shuningdek, 2016-2021 yillarda tasdiqlangan tarmoq va hududiy rivojlanish dasturlarida belgilangan maqsadlarga erishishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari hamda barcha darajalardagi hokimlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari e’tibori ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha 2017 yil 11 apreldagi PQ-2881-son qarori talablari o‘z vaqtida, aniq va to‘laqonli amalga oshirilishi yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rilmaganligiga qaratilsin.
2. Quyidagilar:
qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari (keyingi o‘rinlarda – qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar) bajarilishining ta’sirchan tizimini yaratishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi, ijro intizomini susaytirib yuborganligi va kadrlarga nisbatan talabchanlik qilmaganligi uchun sog‘liqni saqlash, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirlari, ayrim davlat qo‘mitalari va agentliklari rahbarlari, shuningdek, 25 ta tuman va shaharlar hokimlari egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi;
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining qarori bilan davlat boshqaruvi organlari va Hukumat apparati tarkibiy bo‘linmalarining bir qator rahbarlariga intizomiy jazo choralari qo‘llanilganligi, shu jumladan, “hayfsan” e’lon qilinganligi, ularning ayrimlari egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni puxta ishlab chiqish va qabul qilishning ta’sirchan amaliyotini shakllantirish, ularni aniq ijrochilar, keng jamoatchilik va aholiga tezkor yetkazish, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirish, joriy, o‘rta muddatli
va istiqboldagi vazifalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha shoshilinch hamda tezkor choralar ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
va Senati, Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligining tashkiliy, ijro va nazorat faoliyatining yagona tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
4. Quyidagilar:
Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarining amalga oshirilishi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibi 1a-1d-ilovalarga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi apparati, davlat boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman
va shaharlar hokimliklarida ishlarni tashkil qilish va ijro intizomini mustahkamlashning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimiga qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarining ijrosi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish sxemasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari ushbu farmonga 1-3-ilovalarda belgilangan talablarning so‘zsiz, o‘z vaqtida va natijali bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirilsin, bunda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha quyidagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratilsin:
birinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar loyihalari tayyorlanishi ustidan shaxsiy nazoratni tashkil etish, ularning puxta iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishini, vakolatli davlat boshqaruvi organlarida o‘z vaqtida kelishilishini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bo‘linmalarida va Bosh vazir o‘rinbosarlari huzurida himoya qilinishini ta’minlash;
ikkinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrochilarga tezkor yetkazilishi, shu jumladan, ularda qo‘yilgan vazifalarning mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilik va aholi o‘rtasida tushuntirilishi, nazorat bandlari va topshiriqlarda aniq mexanizmlar, muddatlar va mas’ullar belgilanishi bo‘yicha “yo‘l xaritalari” (harakat rejalari) o‘z vaqtida ishlab chiqilishi ustidan shaxsiy nazoratni ta’minlash;
uchinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi amalda nazorat qilinishini shaxsan tashkil etish, bunda markaziy apparatlarda, tarmoq va hududiy davlat boshqaruvi organlarining o‘rta va quyi bo‘g‘inlarida ishlarning real holatini tanqidiy o‘rganishga, erishilgan pirovard natijalarga, kamchiliklar va muammolarning sabablariga, foydalanilmagan zaxiralarga, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va hokimliklarning tashkil etiladigan elektron ma’lumotlar bazasi asosida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida (keyingi o‘rinlarda – “Ijro.gov.uz” tizimi)
o‘z vaqtida hisobot berilishiga alohida e’tibor qaratish;
to‘rtinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning mohiyati va ahamiyatini hamda ularni amalga oshirish yuzasidan qabul qilinayotgan chora-tadbirlarni tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida shaxsiy fikr-mulohazalarini bildirish, jamoat tashkilotlari va mahallalarda uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida hisobot berish amaliyotini joriy etish;
beshinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar o‘z vaqtida, to‘liq va natijali ijro etilishi shaxsan tanqidiy tahlil qilinishini ta’minlash, oldinga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish va mo‘ljallangan maqsadlarga erishish. Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, shuningdek, hududlarni rivojlantirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlarini talab etadigan muammoli masalalar bo‘yicha har tomonlama asoslangan takliflar ishlab chiqish va kiritish.
6. Bosh vazir o‘rinbosarlari, davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari bir hafta muddatda ushbu farmon talablari so‘zsiz va har tomonlama amalga oshirilishi yuzasidan aniq harakatlar rejalari puxta ishlab chiqilishini va kollegial organlar majlislarida tasdiqlanishini ta’minlasinlar.
Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda aniq vazirliklar hamda viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklari misolida davlat organlari va tashkilotlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklarida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Adliya vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan, shu jumladan, Hisob palatasi bilan birgalikda sohalar, hududlar va idoralar kesimida manzilli va tematik tahliliy o‘rganishlarni olib borish
va joylardagi holat monitoringini yuritish;
ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlarining qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlash borasidagi faoliyatini “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” rukni ostida jamoatchilik nazorati vositalaridan keng foydalangan holda, shu jumladan, “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ishtirokida yoritish va muhokama qilish ishlarini tashkil etish va yanada jadallashtirish;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning amalda bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar va omillarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar oldiga aniq masalalarni qo‘yish, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, sohaga xos bo‘lmagan, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarini qisqartirish, ularda ortiqcha qog‘ozbozlik va majlisbozlikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
davlat organlari va tashkilotlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan huquqiy-uslubiy ko‘maklashish, ularning tegishli bo‘linma rahbarlarini ijro intizomiga rioya etilishi bo‘yicha o‘qitishda ishtirok etish.
8. “Ijro.gov.uz” tizimi orqali qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning mazkur farmonga 3-ilovada keltirilgan tartibga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi tizimi joriy qilinsin:
a) Adliya vazirligi:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar o‘z vaqtida ijro etilishining “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratini olib boradi va “Ijro.gov.uz” tizimini yuritadi;
“Ijro.gov.uz” tizimida nazoratga olinadigan topshiriqlarni kiritadi, mazkur topshiriqlardan kelib chiqqan holda mas’ul ijrochilar va bajarish muddatlarini belgilaydi, ular tomonidan kiritilgan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi takliflar asosliligini o‘rganadi;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holati to‘g‘risidagi ma’lumotni har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi.
Belgilansinki, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan “Ijro.gov.uz” tizimiga zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida kiritmaslik yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish, shuningdek, bu borada Adliya vazirligi ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmaslik qonunchilikka muvofiq intizomiy, ma’muriy va boshqa javobgarlik choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi;
b) Vazirlar Mahkamasi:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar Vazirlar Mahkamasi tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida ijro etilishining “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratini olib boradi, har oyda Rayosat majlislarida ularning ijrosi natijadorligini ko‘rib chiqadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga tegishli takliflar bilan birgalikda umumlashtirilgan ma’lumot kiritadi;
“Ijro.gov.uz” tizimida Vazirlar Mahkamasi tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar – mas’ul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi tomonidan tekshirilgan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilgan takliflar asosliligini o‘rganadi;
v) Hisob palatasi:
“Ijro.gov.uz” tizimida mas’ul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi va Hukumat tomonidan tekshirilgan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi hamda ularni nazoratdan yechadi;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi Adliya vazirligi va Hukumat tomonidan ko‘rib chiqilgan takliflar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga xulosalarni kiritadi;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holati bo‘yicha har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boradi;
g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
zarurat bo‘lganda, nazoratdan yechilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni qayta nazoratga qo‘yadi, ularning ayrimlarini alohida nazoratga oladi (nazoratdan faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan yechiladi);
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi takliflar bo‘yicha Hisob palatasi tomonidan berilgan xulosalarni ko‘rib chiqadi;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro etilishini tashkil etish borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini ta’minlashdagi mas’uliyatini kuchaytirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritib boradi;
d) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy darajadagi tashriflari davomida imzolangan hujjatlari va investitsiya loyihalari bo‘yicha topshiriqlar ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 avgustdagi PF-6042-son farmonida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
9. Oliy Majlis palatalariga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining ijro holatini, huquqni qo‘llash amaliyotini, shu jumladan, amalga oshirilayotgan islohotlarning aholi turmush tarziga ta’sirini joylarga chiqqan holda o‘rganish, ularning natijadorligini ta’minlash bo‘yicha parlament nazoratini tizimli tashkil etish tavsiya etilsin.
10. Adliya vazirligi tizimidagi shtat birliklarining maqbullashtiriladigan qismi hisobidan quyidagilar tashkil etilsin:
Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida 15 ta shtat birligidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida jami 28 ta shtat birligidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasining hududiy bo‘limlari.
11. Belgilansinki:
2021-yil 1-apreldan boshlab, barcha respublika darajasidagi davlat organlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ijro intizomiga mas’ul bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijro intizomini ta’minlash sho‘’basi bilan kelishiladi;
2021-yil 1-maydan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish faqat “Ijro.gov.uz” tizimida amalga oshiriladi;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha yillik manzilli va tematik tahliliy o‘rganishlar dasturi Adliya vazirligi tomonidan Hisob palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar takliflari asosida ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasi 2021 yil 15 martga qadar mazkur farmon talablarini inobatga olgan holda, davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklari apparatlarining rahbarlari va mutaxassislarini o‘qitish, malakasini oshirish, shuningdek, stajirovka hamda amaliy seminarlar o‘tkazishni tashkil etish yuzasidan yagona tizimni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks choralarni ishlab chiqsin.
13. Adliya vazirligi:
bir oy muddatda “Ijro.gov.uz” tizimi faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha;
ikki oy muddatda amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Mazkur farmonning o‘z vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
15. Ushbu farmon ijrosi 2021-yil iyul va 2022-yil yanvar oylarida ko‘rib chiqilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 10-fevral
Manba: O'zA