O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Agrar sohada yangi ixtiro
2021-02-10 | Innovatsiya
Toshkent davlat agrar universiteti hamda Inxa universiteti mutaxassislari rivojlangan xorij mamlakatlarida ishlab chiqariladigan agrometeorologik stansiyalarning prototipini yaratishga muvaffaq bo'ldi.
Yerga urugʻlik qadab, undan moʻl hosil olish uchun mavsum davomida amalga oshiriladigan agrologik tadbirlardan tashqari, hududga oid ob-havo maʼlumotlarini oldindan bilish, zararli hasharot va zararkunandalarga qarshi oʻz vaqtida kurashish nechogʻlik muhimligini dehqonlar yaxshi biladi. Jahon tajribasida keng qoʻllanilib, imkoniyatlari jihatidan yil sayin takomillashib borayotgan zamonaviy agrometeorologik stansiyalar shu kabi vazifalarni bajarishda asqotadi.
BMT Taraqqiyot dasturi va Savdo-sanoat palatasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Fargʻona vodiysida fermerlarning iqlim oʻzgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish” loyihasi doirasida yurtimizda oʻtgan yili ana shunday stansiyalarni yaratish ishlari boshlangan edi. Rossiya Federatsiyasi tomonidan moliyalashtirilgan loyihaga jalb qilingan Toshkent davlat agrar universiteti hamda Inxa universiteti mutaxassislari rivojlangan xorij mamlakatlarida ishlab chiqariladigan agrometeorologik stansiyalarning prototipini yaratishga muvaffaq boʻldi. Olimlar qurilma bilan birga, uning mahalliy sharoitimizga moslashtirilgan dasturiy taʼminotini ham ishlab chiqdi.
— Mazkur agrometeorologik stansiyalar odatiy meteostansiyalardan farqli tarzda, faqat ob-havo bashorati bilangina cheklanmay, dehqon va fermerlarga sohada qoʻl keladigan boshqa koʻplab muhim maʼlumotlarni ham taqdim etib boradi, — dedi loyiha boʻlim boshligʻi Baxtiyorjon Toshtemirov. — Uning havo harorati, namlik, yogʻinlar miqdori, shamol yoʻnalishi, tezligi, tuproq namligini oʻlchaydigan vositlari mavjud. Stansiya orqali olingan ob-havo toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida maxsus dasturiy taʼminot kasallik va zararkunandalarning koʻpayish ehtimoli boʻyicha taxminlarni ishlab chiqadi va avtomatik ravishda internetdagi maxsus saytga joylashtiradi.
Bu qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari uchun juda muhim manbaa boʻlib xizmat qiladi. Boisi, dehqonlarimiz kasallik va zararkunandalarning paydo boʻlgani haqida odatda, ular koʻzga koʻringandan keyingina biladi. Bu vaqtda ular allaqachon ekinlarning qaysidir qismiga zarar yetkazib ulgurgan, ayrim hollarda qarshi kurashishning mutlaqo foydasi boʻlmay qoladi. Agrometeorologik stansiyalar bashoratlari orqali esa oʻsimliklar kasalliklari va zararkunandalari koʻpayishi ehtimoli haqida oldinroq xabar topib, ekinlarga yetadigan ziyonning oldini olish mumkin. Natijada hosilning katta qismini saqlab qolishga erishiladi.
Dehqonlar uchun foydali qoʻllanma
Agrometeorologik stansiyalardan foydalanishda respublikamiz hududlari, ayniqsa, Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarida yaxshigina tajriba bor. Boisi, BMT Taraqqiyot dasturi doirasida 2019-yildan boshlangan “Fargʻona vodiysida fermerlarning iqlim oʻzgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish” loyihasi ilk sinovlarni aynan shu hududlarda boshlagan edi. Jarayonda har bir viloyatdan uchtadan tuman tanlab olinib, jaʼmi 9 ta hududga Yevropada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy agrometeorologik stansiyalar oʻrnatildi hamda ular maxsus dasturiy taʼminotga ulandi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda stansiyalarning ishlash tizimi, dasturiy taʼminot orqali olinadigan maʼlumotlarni dehqon va fermerlarga yetkazib borish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu agrometeorologik stansiyalar 2020-yilning erta bahoridan ishlay boshladi. Inspeksiya xodimlari dasturiy taʼminotdan foydalanishga oʻqitilib, keyingi bosqichda ularga ish jarayonlarini monitoring qilish vazifasi yuklatildi. Ular stansiyalar orqali ob-havo sharoiti, bashorati, shamol yoʻnalishi, tezligi, havo namligi, bosimi kabi bir nechta koʻrsatkichlar boʻyicha olingan va toʻgʻridan-toʻgʻri kompyuterga uzatiladigan tezkor maʼlumotlarni idorada oʻtirgan holda kuzatib boradi. Endigi vazifa ana shu maʼlumotlar va bashoratlarni mahalliy dehqon hamda fermerlarga yetkazib borishdan iborat edi. Mutaxassislar buning zamonaviy yechimini qoʻlladi — har bir tumanda agromeoterologik stansiyalar faoliyatini yoritib, barcha maʼlumot va bashoratlarni taqdim qilib boradigan telegram guruhlar tashkil etildi.
Agrar soha vakillariga yana-da qulaylik yaratish maqsadida inspeksiya xodimlari muntazam taqdim etib boriladigan maʼlumotlarga qoʻshimcha tarzda, paydo boʻlishi ehtimoli mavjud boʻlgan oʻsimlik zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish chora-tadbirlari boʻyicha tavsiyalarini ham berib bormoqda. Yaratilgan ushbu tizim koʻplab fermerlarning keyingi tadbirlarini berilgan maʼlumotlar asosida rejalashtirib, vaqtida koʻrilgan choralar orqali hosilni saqlab qolishlariga xizmat qilmoqda.
— Tizim biz kutgan natijani beryapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi, — dedi Baxtiyorjon Toshtemirov. — Shu vaqtga qadar 3 ta viloyatdagi 375 ta qishloq xoʻjaligi subyekti agrometerologik stansiyalar telegram guruhlariga aʼzo qilingan boʻlib, ularning jami ekin maydonni 3 ming 300 gektarni tashkil etadi. 2020-yilning dekabr holatiga koʻra, vodiyda ochilgan telegram guruhlar orqali 2193 ta turli koʻrinishdagi axborot, maʼlumot va tavsiyalar berildi. Oʻzdavkarantin inspeksiyasi xodimlari tomonidan 1800 dan ortiq maslahat xizmatlari koʻrsatildi. Tizim samaradorligini tahlil qilish maqsadida oʻtgan yilning oxirida telegram guruhlarga aʼzo fermerlar va boshqa qishloq xoʻjaligi xodimlari orasida anonim soʻrovnoma oʻtkazildi. Foydalanuvchilar taqdim etilgan savollarning aksariyatiga ijobiy javob bergan. Masalan, “Biz tomonimizdan berilayotgan tavsiyalardan qay darajada muntazam foydalanyapsiz?”, degan savolga soʻrovnomada qatnashganlarning 57 foizi doimiy, 19 foizi tez-tez, 14 foizi baʼzida foydalanamiz, faqatgina 10 foizi foydalanmayapmiz, deb javob bergan. “Maʼlumotlar sizning faoliyatingizga, hosildorlikka qanchalik taʼsir koʻrsatyapti?”, degan savolga esa 90 foizdan ortiq foydalanuvchi sezilarli darajada ijobiy taʼsir koʻrsatganini taʼkidlagan. Demak, dehqonlarda ham mehnat faoliyatini ilm-fan manbalari asosida tashkil etish koʻnikmasi shakllanib boryapti.
Dastur oʻzbek cha “gapiradi”
BMT Taraqqiyot dasturi grant loyihasining galdagi maqsadi ushbu ishlarning respublika boʻylab keng tadbiq etilishi imkoniyatlarini oshirishga koʻmak berishdan iborat boʻldi. Bunga erishish uchun arzon, mahalliy sharoitimizga mos agrometeorologik stansiyalar va ularning dasturiy taʼminotini yaratish ishlari rejalashtirilgan edi. Loyihaga jalb etilgan mutaxassislar buning uddasidan chiqishdi. Xorij qurilmasi asosida yaratilgan prototip mavjud analogining aynan oʻzi boʻlsa-da, undan ustunlik jihatlari ham bor. Birinchi galda, u chet elnikidan deyarli besh barobar arzon. Biroq , bu mazkur ixtironing yagona afzalligi emas. U, shuningdek, onlayn tarzda 7 dan ortiq metereologik kuzatuvlarni olib borish, saqlangan maʼlumotlarni interaktiv grafik koʻrinishida taqdim etish, 7 kun va undan koʻproq vaqt davomida 10 dan ziyod koʻrsatkich bilan hududning eng aniq prognozini chiqarib berish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, stansiyaning 6 ta oʻsimlik turi boʻyicha 30 dan ortiq kasallik va zararkunandalarni modellashtirish dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, kelajakda bu koʻrsatkichlarni yana-da koʻpaytirish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.
Yana bir muhim jihati, olimlarimiz stansiyaning nafaqat mexanizmi, balki dasturiy taʼminotini ham mahalliylashtirishga muvaffaq boʻldi. Endilikda, oʻzbek tilida ish yuritadigan agrometeorologik stansiya dasturi barcha maʼlumotlarni internet tarmogʻidagi maxsus saytga jadvallar, chizmalar, grafiklar, raqamlar koʻrinishida berib boradi. Katta vazifalarni bajarishga moʻljallangan mini stansiyaning hajmi kichikkina boʻlib, televizorning antenasidek keladi, xolos. Qurilma 50 mm diametrdagi temir ustunga oʻrnatiladi-yu, bor-yoʻqligini ham sezdirmaydi. Kichik jussasiga sigʻdiradigan ulkan vazifalarini esa ogʻishmay bajaraveradi.
Ayni paytda 6 ta namunadagi mahalliy agrometeorologik stansiyalar sinov tariqasida Fargʻona vodiysi hududlariga oʻrnatilib, ishga tushirildi. Inspeksiya xodimlari hamda stansiya foydalanuvchilari qurilma aʼlo darajada ishlayotgani, barcha jihatdan xorijnikidan kam emasligini taʼkidlamoqda. Loyiha mutaxassislarining aytishicha, joriy yil oxiriga qadar vodiy hududlarida shu turdagi stansiyalarning yana 9 tasi ishga tushiriladi. Olingan tajriba va xulosalar asosida yil soʻngida tahlil oʻtkazilib, respublikada ana shunday agrometeorologik stansiyalardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
Iroda TOSHMATOVA
Manba: «Yangi O"zbekiston»