O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Investitsiyalar va tashqi savdo sohalaridagi dolzarb masalalar muhokama qilindi

2021-02-09 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 8-fevral kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida investitsiyalar va tashqi savdo sohalarida 2021-yil uchun belgilangan birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi investitsiyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha kompleksining yig‘ilishi o‘tkazildi va unda mas'ul rahbarlarning ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.
 
Tadbirlarda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Transport vazirligi, tegishli idoralar, tarmoq birlashmalari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uyushmalari, yirik korxonalar hamda tijorat banklari, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rahbariyati ishtirok etdi. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, shuningdek, hududlardagi bank muassasalari rahbarlari tadbirlarda videokonferensaloqa orqali qatnashdi.
 
Davlat rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, yoshlar bandligini ta'minlash va salohiyatidan foydalanish, iqtisodiyot tarmoqlarini innovasion rivojlantirish, sanoatning qator tarmoqlarini “iqtisodiy o‘sish drayverlari”ga aylantirish, ishlab chiqarish qiymat zanjirlarini kengaytirish, eksport hajmini oshirish hamda yaqin va uzoq xorij mamlakatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni mustahkamlash hamda kengaytirish masalalari har tomonlama muhokama qilindi.
 
Ta'kidlandiki, joriy yilda mamlakat Rahbariyati tomonidan 23 mlrd dollar hajmdagi investitsiyalarni o‘zlashtirish, umumiy qiymati 6,5 mlrd dollarga teng bo‘lgan 226 ta yirik va iqtisodiy ahamiyatga ega investitsiya loyihalarini ishga tushirish, shuningdek, hududiy investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 94,6 trln so‘mga teng bo‘lgan 7 mingdan ortiq investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Mutasaddi rahbarlarga ushbu vazifalarning sifatli va o‘z vaqtida ijrosini ta'minlash maqsadida ishni tashkil qilish, har bir tuman, shahar va mahallalarga barcha darajadagi xodimlarni biriktirish, ularning tegishli hududlarga chiqish rejalarini ishlab chiqish va faoliyatini monitoring qilib borish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
 
Xom ashyo resurslarining mavjudligini, ichki va tashqi bozorlarda tayyor mahsulotlarga bo‘lgan talab va tegishli qiymat zanjirlarida ishtirok etadigan turdosh tarmoqlar korxonalari bilan logistika nuqtai nazaridan o‘zaro bog‘liqlikni hisobga olgan holda, loyihalarni joylashtirish maydonlarini chuqur tahlil qilishni hamda iqtisodiy samaradorlik mezonlari bo‘yicha loyihalarni o‘rganish va tanlashning ko‘p bosqichli mexanizmini yaratishni nazarda tutib, qator tarmoqlarda investisiya siyosati tamoyillarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
 
Alohida tartibda tashqi savdo masalalari ko‘rib chiqildi – 2021-yilda eksport hajmini o‘tgan yildagiga nisbatan 20 foizga o‘sish bilan 17 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgani qayd etildi. Shu tufayli har bir korxona bilan bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarni zudlik bilan aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha ta'sirchan chora-tadbirlarni qo‘llash orqali eksportchilarga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika shtabining samaradorligini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
 
Shuningdek, qo‘shimcha foydalanilmayotgan eksport zaxiralarini aniqlash va qishloq xo‘jaligi hamda sanoatning istiqbolli yo‘nalishlariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish vazifalari qo‘yildi. Bu, o‘z navbatida, ichki mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozordagi o‘rnini mustahkamlash imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilib, ularni samarali iqtisodiy diplomatiyani amalga oshirishga va O‘zbekiston mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishda mahalliy eksportchilarga amaliy yordam ko‘rsatishga yanada chuqurroq jalb etish zarurligi qayd etildi.
 
Shuningdek, xalqaro investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish va alohida hamkor mamlakatlar bilan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish, xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etgan holda amalga oshirilayotgan loyihalar va davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturini ijro etish doirasida investisiyalarni jalb qilish bilan bog‘liq qator boshqa masalalar muhokama qilindi. 
 
Jumladan, “Loyihalar fabrikasi” faoliyati va bir necha xorijiy mamlakatlarda “Made in Uzbekistan” milliy ishlab chiqaruvchilar ko‘rgazmasi kabi qator tadbirlarni o‘tkazish, Toshkentda Islom taraqqiyot banki guruhi Boshqaruvchilari kengashining yillik yig‘ilishi, Toshkent xalqaro investisiya forumi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xorijiy investorlar Kengashining yig‘ilishini tashkil etish va o‘tkazish, Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast jamg‘armasi faoliyati bilan bog‘liq va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
 
Ijro intizomining bugungi holati va uni mustahkamlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar alohida muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Hukumat qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijro holati tanqidiy ko‘rib chiqildi.
 
Muhokama chog‘ida vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda Davlat rahbari va Hukumat topshiriqlarini sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan yuqori va o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining shaxsiy mas'uliyatini oshirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
 
Yig‘ilish yakunida ijro intizomini mustahkamlash, hukumat qarorlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni takomillashtirish, shuningdek, belgilab berilgan vazifalarni bajarish samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться