Gruziya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi
Joriy yilning 9-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Gruziya iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Natiya Turnava bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasida investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi holati hamda uni chuqurlashtirishning istiqbollari muhokama qilindi.
Konstruktiv muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikning rivojlanishidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etib, turli darajadagi ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish orqali investitsiyaviy va iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan yaqin hamkorlikni kengaytirishga sodiqligini bildirdilar.
Uchrashuvda kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan fikr almashildi va sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, sog‘liqni saqlash, ta'lim hamda bank-moliya sohalaridagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Iqtisodiy sheriklik ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshirish uchun zarur barcha imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi.
Tomonlar xalqaro yuk tashish sohasidagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish maqsadida ikki mamlakat savdo hamda transport vazirliklari o‘rtasida muntazam aloqa o‘rnatish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishib oldi.
Turizm sohasidagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratildi – Gruziya tomoni turizm biznesi sohasida tajriba almashish maqsadida O‘zbekistonga press-tur tashkil etish uchun mamlakatning yetakchi xususiy kompaniyalar va ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb etishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sheriklikka oid yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal etish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari darajasida muntazam ravishda muzokaralar hamda videokonferensiyalar o‘tkazish amaliyotini faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat vazirlari o‘rinbosarlari boshchiligida investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldi. Ishchi guruhning asosiy vazifalari o‘zaro savdo tarkibi va hajmini kengaytirish bo‘yicha taklif hamda amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish, shu bilan birga, ikki davlat hududlarida qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat bo‘ladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi