O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ashxobodda Alisher Navoiy tavalludining 580 yillik sanasi keng nishonlandi

2021-02-09 | Madaniyat

 Turkmaniston poytaxtida buyuk  o‘zbek shoiri Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “Dunyo” AA muxbiri.

Taʼkidlash kerakki, Turkmanistonda o‘zbek mumtoz adabiyoti vakillariga katta hurmat bilan qarashadi. Turkmaniston Prezidentining qarorgohi — “O‘g‘uzxon” saroy majmuasiga olib boradigan Ashxobodning markaziy ko‘chalaridan biriga Alisher Navoiy nomi berilgan. Ushbu ko‘chada joylashgan “Ilhom” markaziy xiyobonida shoirga atab yodgorlik o‘rnatilgan.

Shanba kuni erta tongda ushbu yodgorlikka gulchambar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchixonasi xodimlari, BMTning mintaqaviy tuzilmalari, boshqa xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalarida mehnat qiladigan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

Diplomatlarimizning farzandlari butun dunyoda ezgulik, do‘stlik va tinchlikni targ‘ib qilgan buyuk shoir qalamiga mansub to‘rtliklarni o‘qib berdi.

Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarning asosiy qismi Dovletmammet Azadi nomidagi Turkmaniston Milliy jahon tillari institutida bo‘lib o‘tdi. Universitetning majlislar zalida muhim sanaga bag‘ishlangan brifing va adabiy kecha tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Alisher Navoiyning bebaho merosining o‘zbek va turkiy xalqlarning yozma nutqi va adabiyoti rivojidagi o‘rni hamda ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Institutning turkman tili kafedrasi mudiri Oygul Qurbonova Alisher Navoiy shaxsi, uning maʼnaviy, falsafiy va madaniy merosi Gomer, Dante, Rudakiy, Nizomiy, Firdavsiy, Shekspir, Balzak bilan bir qatorda turishini taʼkidladi.

Buyuk shoir va mutafakkirning tinchlik, saxovat, fidoiylik, insonparvarlik va ilm-fan homiysi kabi ezgu fazilatlari turkman xalqi orasida katta hurmatga sazovor bo‘lgan. Alisher Navoiy sharafiga atab “Gulfhem” va «Mirali va Sulton Suyun» («Alisher Navoiy va Sulton Husayn Boyqaro») dostonlari yaratilgan.

 Alisher Navoiyning ijodiy merosi turkman xalqi madaniyati va sanʼatining rivojlanishiga ham katta taʼsir ko‘rsatdgan. Mollanepes, Numuhammed Andalib, Kemine, Mahtumquli kabi taniqli turkman shoir va yozuvchilari Navoiyni o‘z ustozi va ilhom manbai deb hisoblagan.

Mahtumquli haqidagi  hikoyalardan birida aytilishicha, bir vaqtlar buyuk turkman shoiri Xivadagi “Sherg‘ozixon” madrasasida tahsil olayotgan vaqtida sheʼrlar tanlovida qatnashgan va g‘olib bo‘lgan. Hikoyaga ko‘ra, Mahtumquliga: «Siz Alisher Navoiyga katta hurmat bilan qaraysiz. Agar u tirik bo‘lganida va Xivaga kelganida, nima qilgan bo‘lar edingiz?» maʼnoda savol berishadi. Maxtumquli bunga javoban: «Agar mening ustozim Alisher Navoiy tirik bo‘lganida, men uning otining jilovini ushlab turganimdan xursand bo‘lar edim, agar men shoirning qo‘llariga suv quyib, unga sochiqni berish huquqiga loyiq bo‘lsam, o‘zimni jannatdagidek his qilardim», deb javob bergan.

Alisher Navoiy yubileyiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarning o‘ziga xos yakuni Dovletmammet Azadiy nomidagi Turkmaniston Milliy jahon tillari instituti talabalari tomonidan o‘zbek mumtoz adabiyotiga oid  g‘azallardan parchalar o‘qish bo‘ldi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться