O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari va Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri savdo, turizm, energetika va kimyo sanoati sohalarida qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalarini muhokama qildi
2021-02-09 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov kecha Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Holid al-Falih bilan telekonferensaloqa orqali muzokaralar o‘tkazdi.
Unda investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining shu yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi muhokama qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar davomida savdo, turizm, energetika va kimyo sanoati sohalarida qo‘shma loyihalarni hamkorlikda ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Saudiya Arabistoni delegatsiyasining O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi bir qator ustuvor yo‘nalishlarda kelgusidagi samarali hamkorlik uchun zamin yaratib, ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikning rivojlanishiga sezilarli turtki bergani qayd etildi.
Xorijiy tomon Buxoroda o‘tkazilgan O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni biznes-forumi va O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha «Sabic Corporation», «Saudi Aramco», «National Technology Group», «Maaden», «Sira», «Jamjoom Pharma» va boshqa Saudiya Arabistoni kompaniyalarining O‘zbekistonga investitsiyalar kiritishga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada oshganligini ta’kidladi. Aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqish uchun yaqin kelajakda ishbilarmon doiralarning muzokaralari va o‘zaro tashriflarini, shuningdek, ikki mamlakatda qo‘shma biznes-forumlar va «B2B» va «B2G» shaklida muzokaralarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Saudiya Arabistoni delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davomida investitsiya shartnomalari imzolangan Sirdaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasi va Buxoro hamda Navoiy viloyatlarida shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha yaqin hamkorlik qilish orqali energetika sohasida uzoq muddatli munosabatlarni chuqurlashtirishga har ikki tomon ham tayyor ekanini bildirildi.
Muzokarada eng ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning qo‘shma mexanizmlarini yaratish bilan bog‘liq amaliy masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Ular qatorida O‘zbekistonda to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika tarmoqlarida sanoat klasterlarini yaratish bo‘yicha istiqbolli takliflarni ko‘rib chiqish taklif etildi.
Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi. Uning doirasida Saudiya Arabistonining yirik sanoat shaharlarida O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi va O‘zbekiston investitsiyaviy salohiyatining tarmoq taqdimotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistonida ishlab chiqarilgan raqobatbardosh mahsulotlar yetkazib berishni ko‘paytirish, ikki mamlakat ishbilarmonlarining O‘zbekiston va Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan ko‘rgazma hamda yarmarkalardagi ishtirokini faollashtirish va O‘zbekiston-Saudiya savdo uylarini tashkil etish orqali o‘zaro savdo hajmlarini oshirish mexanizmlari ham alohida muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida hamkorlikning barcha yo‘nalishlariga oid ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan birgalikda ish olib borishni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi