O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Jahon bankining “Statistika salohiyati indeksi”da 67- o‘ringa ko‘tarildi
2021-02-08 | Iqtisodiyot
Mamlakatlarning milliy statistika tizimini rivojlanganlik darajasini baholab boradigan Jahon bankining “Statistika salohiyati indeksi”da O‘zbekiston 67,8 ball bilan 154 ta davlat orasidan 67- o‘rinni egalladi.
Mazkur indeks mamlakatning statistik salohiyati, erishayotgan yutuqlari va milliy statistika tizimini rivojlantirish borasida olib borayotgan islohotlari natijalarini aks ettiradi.
O‘zbekiston Respublikasi ilk bor mazkur indeks bo‘yicha 2016- yilda baholangan bo‘lib, 48,9 ball bilan umumiy 133- o‘rinni egallagan.
O‘zbekistonning 2020-yil yakunida “Statistika salohiyati indeksi”da 67- o‘ringa ko‘tarilishida asosiy omillar:
Qo‘mita veb-saytida 20 ta bo‘limda 279 ta jadval ko‘rinishida 2 mln. dan ziyod statistik ko‘rsatkichlar to‘plami va metama'lumotlar e'lon qilinmoqda. Shuningdek, asosiy o‘zgarishlardan biri qo‘mitaning yangilangan veb-saytida geomanzilli ma'lumotlar xizmati joriy etildi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining kengaytirilgan Ma'lumotlarni tarqatishning umumiy tizimida 24 ta yo‘nalish bo‘yicha 422 turdagi O‘zbekiston Respublikasining makroiqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy statistik ko‘rsatkichlar to‘plamlarini e'lon qilib borilishi yo‘lga qo‘yildi.
Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishni monitoring qilish bo‘yicha veb-sayt ishlab chiqilib, o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishga tushirilgan.
Hozirgi kunda, O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portalida jami 10 mingdan ortiq ma'lumotlar to‘plamlari 3 tilda (o‘zbek, rus va ingliz tillarida) joylashtirilgan.
“Open data Inception” tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, jahon mamlakatlari orasida O‘zbekiston 70 ta ochiq ma'lumotlar manbalari bilan jahonda 6-o‘rinni egalladi.
Londondagi Ochiq ma'lumotlar Instituti (ODI) baholash tizimi bo‘yicha Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy veb-sayti eng yuqori –"Platina" (PLATINUM) darajaga erishgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Elektron hukumat kuzatuvi 2020”da “Ochiq davlat ma'lumotlari indeksi” bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori (Very High OGDI) ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan jahonning 41 ta mamlakati orasidan joy olgan. Jami ushbu indeksda 193 ta mamlakat baholangan hamda O‘zbekiston eng yuqori ball to‘play olgan.
Ochiq ma'lumotlar reytingida (Open Data Inventory - ODIN) O‘zbekiston Respublikasi 63 ballni to‘pladi va reytingda 125 ta pozitsiyaga ko‘tarilib, dunyoda 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi.
Amalga oshirilgan ana shunday ishlar natijasida 2020- yil yakuni bo‘yicha mamlakatimiz Jahon bankining “Statistika salohiyati indeksi”da maksimal 100 balldan 67,8 ballni qo‘lga kiritib, reytingda 67 o‘rinni egallamoqda.
O‘zbekiston reytingda 2016- yil hisobotiga nisbatan 66 pog‘onaga, 2019- yil hisobotiga nisbatan esa 15 pog‘onaga ko‘tarildi.
2020–2025 yillarda statistikani rivojlantirishining milliy strategiyasi doirasida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali, O‘zbekistonning Jahon bankining “Statistika salohiyati indeksi”dagi ko‘rsatkichlarini bosqichma-bosqich yaxshilab borishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston 2025 kelib, 94 ballni qo‘lga kiritgan holda reytingda birinchi 10 talikka kirishi ko‘zda tutilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi