O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni yanada rivojlantirish to‘g‘risida

2021-02-05 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini to‘laqonli amalga oshirish, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga ilmiy asoslangan axborot, zamonaviy xizmatlarni ko‘rsatish, ishlab chiqarishga ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni keng joriy etish, ta’lim, ilm-fan, ishlab chiqarish va agroxizmatlar ko‘rsatish tizimining uzviy integratsiyasini ta’minlash maqsadida:

1. Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimini 2021-2025 yillarda ustuvor rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Konsepsiya doirasida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ta’lim, ilm-fan, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga zamonaviy agroxizmatlar ko‘rsatishning uzviy tizimini o‘zaro bog‘laydigan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (keyingi o‘rinlarda – Milliy markaz) tashkil etilsin va u quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritishga mas’ul etib belgilansin:

qishloq xo‘jaligi sohasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishniнг uzviy integratsiyasini ta’minlash;

fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi klasterlari va kooperatsiyalari hamda ilg‘or xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan manfaatli ilmiy-ishlab chiqarish hamkorligini yo‘lga qo‘yish, yangi ilmiy ishlanmalar, innovatsiyalar hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish;

barcha turdagi davlat ilmiy va oliy ta’lim muassasalarining qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish;

qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining malakali mutaxassislarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta’minlash;

qishloq xo‘jaligi sohasida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalar asosida ularning malakasini oshirish;

qishloq xo‘jaligida xususiy sektorni keng jalb etgan holda bilim, malaka va ko‘nikmalarning samarali almashinuvi hamda uzatilishini ta’minlaydigan milliy axborot va maslahat xizmatlari tarmog‘ini rivojlantirish;

xalqaro sifat standartlarini joriy qilishda ko‘maklashish, mahsulot yetishtiruvchilar va agrobiznesning o‘zaro hamkorlik platformasini tashkil etish.

3. Qishloq xo‘jaligi sohasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o‘rinlarda – Muvofiqlashtiruvchi kengash) tashkil etilsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Muvofiqlashtiruvchi kengash (Sh.M.G‘aniyev):

qishloq xo‘jaligi sohasi hamda uning tarmoqlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan va kadrlar tayyorlayotgan barcha turdagi davlat ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligini ta’minlasin;

qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini samarali tashkil etsin;

qishloq xo‘jaligi sohasidagi talab va ilg‘or xorijiy tajribalar asosida oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida Davlat ta’lim standartlari, o‘quv reja va dasturlarining tizimli ravishda takomillashtirilishini ta’minlasin;

qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining yillik ish rejasini hamda ular faoliyati samaradorligini baholash indikatorlarini tasdiqlasin; 

qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish, ishlab chiqarish muammolariga ilm-fan orqali yechim topish maqsadida sohadagi ilmiy-tadqiqot muassasalari va qishloq xo‘jaligi klasterlari o‘rtasida kelishuvlar tuzish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.

Ilmiy-tadqiqot institutlariga biriktirilayotgan vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

4. Belgilansinki:

Milliy markaz Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi hisoblanadi;

Milliy markaz o‘z tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasasi faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi, chorvachilik yo‘nalishlari, o‘rmon va suv xo‘jaligi, ipakchilik sohalarida faoliyat yurituvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yadi, qishloq xo‘jaligi sohasidagi oliy va professional ta’lim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Milliy markaz Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi, “Agroinnovatsiya” DUK, “G‘o‘za urug‘chiligi markazi” negizida tashkil etiladi.

5. 2021 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlarga buyurtmalarni shakllantirish va moliyalashtirishning quyidagi tartibi joriy etilsin:

a) Muvofiqlashtiruvchi kengash 2021-yil 1-aprelga qadar Qishloq xo‘jaligining ustuvor yo‘nalishlari, global, mintaqaviy va hududiy muammolarning ilmiy yechimlarini tadqiq qilish bo‘yicha keyingi besh yilga mo‘ljallangan dasturni (keyingi o‘rinlarda – besh yillik dastur) ishlab chiqadi va e’lon qiladi.

Besh yillik dastur qishloq xo‘jaligi sohasidagi idoralar, uyushmalar va boshqa tashkilotlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, qishloq xo‘jaligi va unga xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlar, jumladan, agrosanoat klasterlari, kooperatsiyalar, fermer va dehqon xo‘jaliklarining takliflari asosida shakllantiriladi;

b) besh yillik dasturda nazarda tutilgan yo‘nalishlar qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy loyihalar bo‘yicha davlat buyurtmalarini shakllantirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi;

v) besh yillik dasturda nazarda tutilgan, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sub’ektlari tomonidan taklif etilgan va byudjetdan moliyalashtirilmagan yoki to‘liq moliyalashtirilmagan loyihalarni hamda boshqa vazifalarni amalga oshirish maqsadida, Milliy markaz huzurida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari respublika byudjeti, mahalliy byudjet daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi, vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari mablag‘lari, homiylik xayriyalari, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlari, ilmiy tadqiqot ishlarini moliyalashtirish va ularning yakuniy natijasidan foydalanish istagini bildirgan qishloq xo‘jaligi sub’ektlari va boshqa shaxslarning mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi – Milliy markaz tomonidan amalga oshiriladi. 

Ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarning byudjet mablag‘lari hamda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ularni moliyalashtirish uchun boshqa mablag‘larni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilishni istisno qilmaydi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

6. Quyidagilar:

2021-2022 yillarda Milliy markazning Respublika agroxizmatlar markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar agroxizmatlar markazlari (keyingi o‘rinlarda – hududiy agroxizmatlar markazlari);

2022-yildan boshlab bosqichma-bosqich qishloq tumanlarida Milliy markazning tuman agroxizmatlar markazlari (keyingi o‘rinlarda – tuman agroxizmatlar markazlari) tashkil etilsin.

7. Belgilansinki:

a) Respublika agroxizmatlar markazi, hududiy va tuman agroxizmatlar markazlari:

Jahon bankining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida ajratiladigan mablag‘larni jalb etgan holda yoki davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi;

o‘z faoliyatini axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatish tizimi asosida amalga oshiradi;

b) hududiy agroxizmatlar markazlari Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazining hududiy bo‘linmalari negizida tashkil etiladi;

v) Respublika agroxizmatlar markazi, hududiy va tuman agroxizmatlar markazlari o‘z faoliyatini quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etadi:

hududlarning uzoq muddatli rivojlanish tendensiyalari va inson kapitali bozori talablaridan kelib chiqqan holda sohada kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash;

xorijiy tajriba asosida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;

hududning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi ehtiyojlaridan kelib chiqib ilmiy tashkilotlarga tayyor ilmiy ishlanmalar va tegishli ilmiy maslahatlarga buyurtmalarni shakllantirish;

qishloq xo‘jaligi sohalarining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlangan ilmiy ishlanmalarni hududlar sharoitiga moslashtirish yo‘nalishidagi tadqiqotlarni amalga oshirish, uning natijalarini bevosita qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sub’ektlarga yetkazish;

hududlar agrar sohasi asosiy ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda xalqaro tajribalar hamda ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish;

qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi barcha xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish;

qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga bevosita va onlayn hamda “call-markaz” orqali xizmat ko‘rsatish.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4803-son qaroriga asosan qishloq xo‘jaligida davlat boshqaruvi va ilmiy-tadqiqot institutlarini transformatsiya qilishga Jahon bankining 160 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari yo‘naltirilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki, mazkur mablag‘lar Milliy markaz, uning tizimidagi muassasalar hamda agroxizmatlar markazlari faoliyatini tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha mutaxassislari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, qayta tayyorlash va loyihada nazarda tutilgan boshqa tadbirlarga yo‘naltiriladi.

9. 2021-yil 1-martdan boshlab, tajriba tariqasida, Milliy markaz tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etgan holda kichik ilmiy-innovatsion korxonalar tashkil etishga ruxsat berilsin, bunda:

a) ilmiy-tadqiqot muassasasi:

hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi ekinlarining ilmiy asoslangan holda ekilishini tashkil etadi;

qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘chilik va seleksiyasini yo‘lga qo‘yadi, yangi nav va duragaylarni yaratadi; 

o‘simliklarni zararkunandalardan asrash, tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqadi;

b) tadbirkorlik sub’ektlari:

ilmiy-tadqiqot muassasasining yangi nav va duragaylarni yaratish bo‘yicha faoliyatini moliyaviy ta’minlashga ko‘maklashadi hamda uning natijalarini tijoratlashtirish choralarini ko‘radi; 

ichki va tashqi bozor talablaridan kelib chiqib, eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsuloti етishтирishni yo‘lga qo‘yadi va uni ommalashtiradi;

yangi ichki va tashqi bozorlarni topish, xalqaro standartlarga mos keluvchi laboratoriyalar, urug‘likni saqlash, saralash, qadoqlash va meva-sabzavotni qayta ishlash uskunalarini xarid qilishga ko‘maklashadi;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash, qadoqlash, milliy brend asosida eksport qilish choralarini ko‘radi;

v) foyda solig‘i bo‘yicha jami daromadni aniqlashda tadbirkorlik sub’ektlari – soliq to‘lovchilarning ilmiy tadqiqotlarga va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga doir xarajatlari, amortizatsiya qilinadigan aktivlarni olishga oid xarajatlardan tashqari, tegishli ilmiy tadqiqotlar va (yoki) tajriba konstruktorlik ishlanmalarining natijasidan qat’i nazar, Soliq kodeksida nazarda tutilgan tartibda bunday tadqiqotlar va ishlanmalar (xizmatlarning alohida bosqichlari) tugallangan va (yoki) qabul qilish-topshirish dalolatnomasini taraflar imzolaganidan keyin chegirib tashlanadi.

10. Belgilansinki, 2021-yil 1-fevraldan boshlab Milliy markaz, mazkur farmonga 4-ilovada ko‘rsatilgan ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ular tizimiga kiruvchi ilmiy-tajriba stansiyalari va uchastkalarining (keyingi o‘rinlarda – ilmiy-tadqiqot muassasalari) bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, ularning xodimlari (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, bunda: 

Milliy markazning boshqaruv apparati xodimlariga Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati hamda agroxizmatlar markazlari xodimlariga vazirlikning hududiy bo‘linmalari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari mos ravishda qo‘llaniladi;

Ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash shartlari byudjet mablag‘lari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi;

Milliy markaz, ilmiy-tadqiqot muassasalarining boshqa xarajatlarini moliyalashtirish ularning ilmiy, ishlab chiqarish, ilmiy tadqiqot ishlari natijalarini tijoratlashtirish va xizmat ko‘rsatish faoliyatidan tushadigan mablag‘lar, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari, homiylik xayriyalari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

11. Milliy markaz va ilmiy-tadqiqot muassasalariga byudjetdan tashqari manbalar hisobidan shakllanadigan mablag‘larni mustaqil tasarruf etish huquqi berilsin, bunda ushbu tashkilotlar:

byudjetdan tashqari mablag‘larni boshqarish uchun tijorat banklarida hisob raqami ochishi va undagi mablag‘lardan mustaqil foydalanishi mumkin (byudjet tashkilotlarining g‘azna hisob raqamlaridan foydalanishga doir talablar ushbu mablag‘lardan foydalanishga nisbatan tatbiq etilmaydi);

yuqori malakali mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etadi, xodimlarga ustamalar va moddiy rag‘batlantirishning boshqa turlari miqdorlarini mustaqil belgilaydi;

saqlash xarajatlari, vazifa va majburiyatlarni bajarish, xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, dasturiy ta’minotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, ilmiy laboratoriyalar uchun mablag‘larni mustaqil sarflaydi.

12. Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev:

bir hafta muddatda mazkur farmonda nazarda tutilgan vazifalarni ijrochilar va hududlar kesimida tasdiqlasin hamda ijroga qaratsin;

ikki hafta muddatda qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimini 2021-2025 yillarda ustuvor rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.

13. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Adliya vazirligi mazkur farmonning ijrochilarga yetkazilishini, uning mazmun-mohiyati tegishliligi bo‘yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning hududiy bo‘linmalari, aholiga tushuntirilishini hamda ijroga qaratilishini ta’minlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5812-son farmoniga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

16. Mazkur farmonning ijrosini tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev, qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin. 

Farmonning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 30-dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

              Prezidenti                              Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021-yil 3-fevral

Manba: O'zA

Поделиться