O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha 2020-yilda bajarilgan tadbirlar yakuni va 2021-yildagi asosiy vazifalar

2021-02-05 | Xavfsizlik sohasi

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining (keyingi o‘rinlarda FVDT) 2020-yildagi asosiy faoliyati favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish va yong‘in xavfsizligini ta'minlash sohasida chora-tadbirlarni samarali tashkil etish, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, FVDT boshqaruv organlari hamda kuch-vositalarining tayyorgarligini oshirish hamda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tadbirlarga qaratildi.

Gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda joylashgan 117 ta xo‘jalikdan 9 tasi doimiy, 89 tasi vaqtinchalik xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Qirg‘oq mustahkamlash orqali muhofaza qilinishi lozim bo‘lgan 460 ta xo‘jalik hamda 366 ta xo‘jalik sel, toshqin suvlaridan muhofaza qilinib, xavf bartaraf etilgan va 159 ta maxsus taktik-o‘quv mashqlari davomida 88 976 m3 tuproq, 44 896 m3 qum-shag‘al, 2 290,6 m3 beton ishlari bajarilib, 70 259 p.m. o‘zan tozalash ishlari amalga oshirilgan.

Kuz-qish mavsumida A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil' va “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘llarining “Qamchiq” dovoni qismida xavfli ekzogen geologik jarayonlar va gidrometeorologik hodisalarning oldini olish maqsadida, avtomobil' yo‘lining 190,2-197,6 km.larida jami 563 076 m3 hajmda tuproq va shag‘al ishlari, temir yo‘l masofasi bo‘ylab 410 metr masofada kyuvet tozalash ishlari, yo‘lning 7 km.lik uchastkasida 98 805 m3 hajmda tuproq ishlari bajarilib, 117-km qismida 48 dona gabion setkalar o‘rnatilgan.

Tuman (shahar) miqyosida o‘tkazilgan 31 ta qo‘mondonlik shtab-o‘quv mashqlari hamda korxona va tashkilotlardagi 268 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari davomida FVDT xizmatlari, aholi, korxona hamda tashkilotlarda 120 350 nafar fuqarolar bilan targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borildi. Hayot faoliyatini ta'minlovchi muhim ob'ektlarda tashkil etilgan 150 ta ko‘ngilli qutqaruv tuzilmalari bilan favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va yong‘inlarni o‘chirish bo‘yicha 8 ta amaliy-taktik o‘quv mashqlari va 5 ta mashg‘ulotlar o‘tkazilgan.

Respublikadagi koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemik vaziyat sababli kasallik tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 240 dan ortiq “karantin ob'ekt”i, 550 dan ortiq savdo majmualari, 700 ga yaqin bozorlarning faoliyati nazoratga olinib, 390 ga yaqin respublika va hududiy blok-postlarda fuqarolar hamda avtotransport vositalarini zararsizlantirish tadbirlari olib borilgan.

Shuningdek, joriy yilning 28-aprel kuni Buxoro viloyatidagi yog‘ingarchilik va kuchli shamol esishi oqibatida Olot, Qorako‘l va Jondor tumanlarida kuzatilgan tabiiy ofat hamda 1 may kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi “Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan texnogen favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish va tiklash ishlari bajarilgan.

Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxush holatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida, 2019/2020 yillar kuz-qish mavsumida aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi va yong‘inlarning oldini olish uchun joylarda 60 113 ta reydlar o‘tkazilgan. Olib borilgan tadbirlar davomida jami 8 695 marta uy-joy mulkdorlar shirkatlari va 39 237 marta mahallalarning hududlari o‘rganib chiqildi. Mazkur hududlardagi ko‘p qavatli uylarda jami 81 027 marta va ulardagi 1 224 465 ta xonadonlar hamda 5 475 049 ta aholi turar joylari va 28 303 ta dalahovlilar o‘rganilgan, mavjud 38 885 ta ijtimoiy soha ob'ektlaridan 37 416 tasida nazorat tartibida tekshiruvlar o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklardan 360 461 tasi bartaraf etilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Respublika seysmoprognostik monitoring markazi tomonidan Markaziy Osiyoda ro‘y bergan 1004 ta kuchli va sezilarli zilzilalar, 26 ta nuqtadagi yer osti suvlarining namunalari tekshirilib, tahlil qilingan.

Orolbo‘yi hududida Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2018-2020 yillar davomida jami 1,2 mln. gektar o‘rmon-melioratsiya ishlari amalga oshirilgan. Bunda 1,125 ming gektar maydonda qum yig‘uvchi ariqlar tashkil etilib, Orol dengizining suvi qurigan tubida jami 2 mln. gektar maydonda “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan. Orolbo‘yi hududidagi Qorao‘zak, Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Mo‘ynoq tumanlarida joylashgan 13 ta ovul fuqarolar yig‘inlarida 32 ta nuqtada 15-500 metr chuqurlikda quduqlarni burg‘ulash ishlari natijasida Orolbo‘yi hududini ko‘kalamzorlashtirishga mo‘ljallangan 9 ta hamda mahalliy aholi uchun 87 ta artezian quduqlari qazilib, topshirilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Muhandislik-qurilish maxsus boshqarmasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining aholisiga qulay shart-sharoitlarni yaratish, muhandislik-qurilish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida 2020-yilda Mo‘ynoq tumani “Do‘stlik” mahallasi hududida 8 ta ko‘p qavatli uylar yangidan qurilib, ulardan 5 tasi foydalanishga topshirildi va Mo‘ynoq tumani Sudoch'e ko‘li akkum dambasining 9 km uzunlikdagi qirg‘og‘i mustahkamlanib, Sudoche ko‘li suv uzatish inshootining 7 km qismi to‘liq rekonstruksiya qilingan.

Yong‘in xavfsizligini ta'minlash sohasida 39 050 ta korxona, tashkilot va muassasalarda tekshirishlar, 7 387 ta tadbirkorlik sub'ektlariga tegishli ob'ektlarda yong‘in-profilaktika ko‘riklari o‘tkazilib, Davlat yong‘in nazoratining 754 061 banddan iborat yozma ko‘rsatmalari asosida 631 657 ta (83,8 %) kamchilik bartaraf etilgan.

Shuningdek, 3 818 463 ta yakka tartibdagi uy-joylar, 42 756 ta ko‘p qavatli uylardagi 928 111 ta xonadonlarning yong‘inga qarshi holati o‘rganilib, 110 774 ta nostandart elektr, gaz, isitish moslamalaridan foydalanish taqiqlangan.

2020-yilda respublikada sodir bo‘lgan yong‘inlar soni 11 083 tani tashkil etib, 2019-yilning shu davriga (639 ta) nisbatan 5,5 %ga, yong‘inlarda odamlarning kuyish tan jarohati olish holatlari 259 nafarni tashkil etib, 2019 yilning shu davriga (29 nafar) nisbatan 10,1 %ga kamaygan bo‘lsada, odamlarning halok bo‘lish holatlari 124 nafarni tashkil etib, 2019-yilning shu davriga (13 nafar) nisbatan 11,6 %ga oshgan.

2020-yilda respublika hududida 133 ta favqulodda vaziyat sodir bo‘lib, (80 ta texnogen, 53 ta tabiiy) 2019 yilning shu davriga nisbatan (157 ta, 104 ta texnogen, 53 ta tabiiy) 15,3 %ga kamaygan. Ushbu favqulodda vaziyatlar oqibatida 276 nafar odam vafot etgan (2019-yilda 292 kishi – 5,5 %ga kamaygan) va 232 nafar odam jaroxatlangan (2019 yilda 529 kishi –56,1%ga kamaygan).

Qayd etilgan favqulodda vaziyatlarning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari (27,8%), aholi uy-joylarida gaz (portlashi) chaqnashi (9%), ijtimoiy-maishiy hamda turar-joy, bino va inshootlaridagi yong‘inlar (11,3%), aholining tabiiy va is gazidan zaharlanishi (22%), aholining toksik moddalardan zaxarlanish (6,8%) tashkil etgan.

2021-yilda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali olib borilishini tashkil etish maqsadida FVDTning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

FVDTni favqulodda vaziyat (noxush hodisa)larga olib kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlar va xavflarni oldindan aniqlagan holda bartaraf etuvchi, aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganda o‘z vaqtida va kompleks yordam ko‘rsatuvchi mobil, zamonaviy va professional tizim sifatida yanada takomillashtirish;

aholi, eng avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj (bolalar, ayollar va imkoniyati cheklanganlar) aholi qatlamlari bilan muloqotni kengaytirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida o‘zaro hamkorlikni ta'minlash;

O‘zbekiston Respublikasi FVV tuzilmasini takomillashtirish, aholi va hududlar xavfsizligiga tahdidlar, tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli xavflar manbalarini hisobga olgan holda, tumanlar va shaharlar miqiyosida kuch va vositalarni samarali taqsimlash, aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganda o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatuvchi turli xizmatlarning tezkor harakatini muvofiqlashtiruvchi mexanizmlar faoliyatini tashkil etish;

favqulodda vaziyat (noxush hodisa)lar sodir bo‘lishi xavfini barvaqt aniqlash maqsadida monitoring, tahlil va prognozlash tizimini takomillashtirish, respublika hududlarini seysmik xavflar, texnogen avariya va halokatlar manbalari bo‘yicha tasniflash;

aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga mas'ul rahbarlar va mansabdor shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda fuqarolarni favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda harakat qilishga tayyorlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirish;

FVDT va FVV uchun mutaxassis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yaxlit tizimni yaratish tadbirlarini davom ettirish;

O‘zbekiston Respublikasida gidrometeorologik jarayonlarga ta'sir ko‘rsatish va seysmomonitoring xizmatlarning moddiy-texnik ta'minotini yaxshilash, o‘quv va ilmiy-texnik bazasini takomillashtirish, mutaxassislar va qutqaruvchilarning samarali ishlashi uchun yetarli sharoitlar yaratish;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini tashkil qilish va amalga oshirishning barcha bosqichlarida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng tatbiq etish;

aholini va hududlarni favqulodda vaziyat (yong‘in)lardan muhofaza qilish bo‘yicha davlat ekspertizasi, nazorati, tekshiruvini amalga oshirish;

ta'lim muassasalari uchun “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” bo‘yicha davlat ta'lim standartlari va o‘quv dastur (mavzu)larini takomillashtirish hamda 
amalda tatbiq etish;

aholini va hududlarni favqulodda vaziyat(yong‘in)lardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasida huquqiy-me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqishni davom ettirish.

Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Fаvqulоddа vаziyatlаr vаzirligi

Поделиться