O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari va BMT tarkibiy tuzilmalarining mamlakatimizdagi vakolatxonalari rahbarlari istiqboldagi hamkorlik rejalarini belgilab oldi
2021-02-04 | Siyosat
Bugun Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Sherzod Asadov BMT doimiy koordinatori, elchi Helena Freyzer boshchiligidagi BMT tarkibiy tuzilmalari – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Taraqqiyot dasturi, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti va Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari bilan onlayn shaklda muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekistonning BMT va uning institutlari bilan o‘zaro munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Erishilgan kelishuvlar doirasida hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslarni samarali amalga oshirish, shuningdek, Tashkilot va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritalari»ni o‘z vaqtida bajarish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
BMT vakolatxonalari rahbarlarining ta’kidlashicha, COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan murakkab sharoitga qaramasdan, O‘zbekiston respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan BMT institutlariga har tomonlama ko‘mak berib kelmoqda.
O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning yangi hadli dasturini amalga oshirishda yaqin hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning barcha tashabbuslari, xususan, tashkilotning rezident-koordinatorlari tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflarini qo‘llab-quvvatlashi alohida qayd etildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi