O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Tojikiston elchisi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi
2021-02-04 | Siyosat
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov bugun Tojikiston elchisi Sodiq Imomiy bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
A.Nosirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan institutning tashkil etish maqsadlari, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida batafsil so‘zlab berdi.
O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish ekani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari siyosiy irodasi bilan ikki birodar mamlakat va xalq o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarida yuqori ijobiy o‘sish jarayonlari tobora rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Tojikiston elchisiga joriy yil may oyida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasi maqsad va vazifalari to‘g‘risida batafsil ma’lum qilindi.
Diplomat Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tojikistondagi ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalalarni o‘rnatishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi. Bunda o‘zaro munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbus va takliflarni birgalikda o‘rganish va ishlab chiqish maqsadlariga ustuvor ahamiyat qaratilishiga urg‘u berildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi