O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2020-yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida MA'LUMOT

2021-02-03 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-avgustdagi PQ-3913-son “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat huquqlari va mehnatini muhofaza qilish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Inspeksiya) tashkil etilgan.
 
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-dekabrdagi 1066-son “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.
 
Bugungi kunda Respublika bo‘yicha inspektorlar soni 344 kishini tashkil etib, shundan 15 nafari Inspeksiya boshlig‘i, 30 nafari Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlari, 7 nafar Markaziy apparat inspektori, 92 nafari hududlarda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektorlari va 200 nafari tuman (shahar) huquq inspektorlari. Bundan tashqari tuman (shahar) huquq inspektorlariga qo‘shimcha 200 nafar yordamchi inspektorlar biriktirilgan.
 
Inspeksiya xodimlarini moddiy-texnik ta'minlash va rag‘batlantirish xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ajratiladigan mablag‘lar, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari, Mehnatni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va Moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
 
 
Inspeksiya tomonidan Respublika bo‘yicha qamrab olinadigan korxona va tashkilotlar soni 578 mingtani tashkil etib, unda band bo‘lganlar soni 13 117,5 kishini tashkil etadi. Shundan, band bo‘lganlar soni sanoatda 1 664,7 ming kishini, savdoda 1 363,6 ming kishini va qishloq xo‘jaligida 3 508,7 ming kishini tashkil etadi.
 
Inspeksiyaga 2020-yil davomida 26 788 ta jismoniy va yuridik shaxslardan murojaatlar kelib tushgan. Shundan, natijasiga ko‘ra 15 389 tasi qanoatlantirilgan, 10 488 tasiga tushuntirish berilgan, 638 tasi tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan hamda 273 tasi ko‘rilmasdan qoldirilgan.
 
Murojaatlarni xususiyatlari bo‘yicha 9 472 tasi oylik ish haqlari va boshqa to‘lovlar to‘lanmasligi, 2 763 tasi noqonuniy ishdan bo‘shatilishi, 834 tasi ishga qabul qilishda qonun buzilishi, 1 076 tasi ishga qabul qilishda rad etilishi, 574 tasi norasmiy ishlatilishi, 883 tasi ish vaqti va dam olish vaqti bo‘yicha qonun buzilishi, 76 tasi majburiy mehnat, 41 tasi mehnat sharoitlari yaratilmaganligi va 11 069 tasi boshqalarni tashkil etadi.
 
Inspeksiya tomonidan mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha 2020-yil davomida 19 226 ta korxonada 40 081 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan, ushbu qonun buzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha 10 764 ta yozma ko‘rsatmalar va 195 ta taqdimnomalar kiritildi, 6 578 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 11 064,3 mln. so‘m miqdorida ma'muriy jarimalar qo‘llanildi.
 
Xisobot davrida 1 141 nafar fuqarolarni jami 3 590,2 mln. so‘mdan ortiq miqdordagi ish haqlarini undirish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da'vo arizalar kiritilib, undirib berildi.
 
Aniqlangan qonunbuzilishlardan 11 621 tasi mehnatni muhofaza qilish qonunchiligi va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik, 2 915 tasi mehnat shartnoma tuzmasdan, norasmiy ravishda xodimlar mehnatidan foydalangan, 4 301 tasi ish haqini belgilangan muddatlarda to‘lab bermaslik, 1 078 ta mehnat daftarchalarini yuritish tartibini buzish, 1 517 ta noqonuniy ishdan bo‘shatish, 685 ta kasaba uyushmalari a'zolari huquqlarini buzilish va jamoa shartnomalari talablarini bajarmaslik holatlari, 376 ta o‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibini buzilishi, 162 ta ayollar uchun qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar qo‘llanilmaslik, 62 ta majburiy mehnat holatlari, 177 ta nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ish o‘rinlarini band qilmaslik va boshqa mehnat huquqlarini buzilishi, 281 ta holatda ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi qilinmagan holatlar hamda boshqa turdagi qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
 
 
Qonunbuzilishlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda 4 731 ta holatda xalq ta'limi tizimidagi tashkilot va umumta'lim maktablari mansabdor shaxslari tomonidan o‘qituvchi va boshqa xodimlarining mehnat huquqlari buzilgan, 6 600 ta holatda tibbiyot muassasalarida, 1 397 ta holatda qurilish sohasida, 986 ta holatda qishloq xo‘jaligida, 667 ta holatda oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida, 1 094 ta holatda sanoat korxonalarida, 509 ta holatda transport sohasida va 90 ta holatda savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarida mansabdor shaxslar tomonidan xodimlarning huquqlari buzilgan.
 
Shu jumladan, Respublika hududida koronovirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, sanoat, infratuzilma, transport va logistika sub'ektlarining barqaror faoliyat yuritishini ta'minlash borasida qurilish ob'ektlari va ishlab chiqarish korxonalarida ishlovchi ishchi va xodimlarga karantin hududida yashashi uchun mehnat sharoitlari yaratilganligi hamda karantin talablariga rioya etilishi ahvolini hamkorlikda o‘rganish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020-yil 29-apreldagi 11-2020/B va 69-sonli qo‘shma buyrug‘i O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan holda qabul qilinib, davlat mehnat inspeksiyasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi va kasaba uyushmalari inspeksiyasi inspektorlari tomonidan  karantin davrida faoliyatini olib borayotgan 5757 ta shu jumladan 2626 ta qurilish ob'ektlari va 3131 ta ishlab chiqarish korxonalarida ishlovchi ishchi va xodimlarni mehnat sharoitlari hamda karantin talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganishlar tashkil etildi.
 
O‘rganish jarayonida qurilish ob'ektlaridan 126 tasida ishchilar uchun ajratilgan yotoqxona va vagonlar sanitariya talablariga javob bermasligi, 35 tasida ishchilar issiq ovqat bilan ta'minlanmaganligi, 762 tasida ishchilar maxsus kiyim va himoya vositalari bilan ta'minlanmaganligi, 269 tasida ishchilar karantin talablari bo‘yicha niqob va antiseptik vositalar bilan ta'minlanmaganligi va 164 ta ob'ekt karantinga olinmaganligi aniqlandi.
 
Ishlab chiqarish korxonalaridan 46 tasida ishchilar uchun ajratilgan yotoqxonalari va vagonlar sanitariya talablariga javob bermasligi, 38 tasida ishchilar issiq ovqat bilan ta'minlanmaganligi, 389 tasida ishchilar maxsus kiyim va himoya vositalari bilan ta'minlanmaganligi, 214 tasida ishchilar niqob va antiseptik vositalari bilan ta'minlanmaganligi va 170 ta obyekt karantinga olinmaganligi aniqlandi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda tadbirkorlik sub'ektlariga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
 
Bundan tashqari 2020-yil davomida 3 048 ta fermer xo‘jaliklarida xodimlarni mehnat huquqlarini himoya qilish va ularga mehnat sharoitlari yaratilganligi holatlarini o‘rganish ishlar olib borildi.
 
Mazkur o‘rganishlar davomida 96 ming nafardan ortiq terimchilar va ishchi-xodimlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilishi holatlari tahlil qilindi.
 
Natijada, Inspeksiya tomonidan ish haqlarini o‘z vaqtida bermaganligi, zarur mehnat sharoitlarini yaratmaganligi hamda tegishli tartibda mehnat shartnomasi tuzmaganligi uchun 174 nafar mansabdor shaxslarga jami 745 mln. 712 ming so‘m miqdorda ma'muriy jarima qo‘llanildi va 6 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi.
 
Respublikada 2019-yil davomida ishlab chiqarish bilan bog‘liq holda maxsus tekshirilgan baxtsiz hodisalar soni 500 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yil davomida Respublikada ushbu ko‘rsatgich 107 taga ko‘payib 607 tani tashkil etdi.
 
2020-yil davomida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar oqibatida 693 nafar xodimlar jabrlangan, shundan 201 nafar xodimlar halok bo‘lgan, 457 nafari og‘ir va 35 nafari yengil tan jarohati olgan.
 
 
Tarmoqlar kesimida tahlil etilganda:
 
sanoatda 101 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan, uning oqibatida 23 nafar xodim vafot etgan va 80 nafari esa og‘ir tan jarohati olgan;
 
 qurilishda 82 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan, uning oqibatida 31 nafar xodim vafot etgan va 51 nafari esa og‘ir tan jarohati olgan;
 
qishloq ho‘jaligida 18 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan, uning oqibatida 12 nafar xodim vafot etgan va 15 nafari esa og‘ir tan jarohati olgan;
 
Ushbu baxtsiz hodisalarni maxsus tekshirish jarayonida 4 014 ta aniqlangan kamchiliklar yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan 566 ta yozma ko‘rsatmalar berildi hamda qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yganligi uchun 403 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 4 149  mln. so‘m miqdorida ma'muriy jarimalar qo‘llanildi va 63 ta holatda inspektorlarning tegishli xulosalari asosida aybdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.
 
Respublika bo‘yicha kasb kasalligi hisobida turgan bemorlar soni 2019-yil 4 716 kishini va 2020-yil esa 4 759 kishini tashkil etgan. 2020-yil davomida kasb kasalligi aniqlangan 43 nafar bemorning 40 nafari sanoatga to‘g‘ri kelgan.
 
Fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, ish beruvchilarga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini qo‘llanilishi yuzasidan jami 7 065 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Shundan 1 371 ta ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilgan, 4 040 ta ish beruvchilar bilan joylarda seminarlar o‘tkazildi, 1 683 marotaba ishonch telefon orqali tushuntirishlar berildi.
 
Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining doimiy tarzda faoliyat olib boruvchi, o‘zining shaxsini oshkor qilmasdan ma'lumot berish imkoni bo‘lgan ijtimoiy tarmoqda dmi.mehnat.uz sayti, qisqa raqamli “1176” ishonch telefon va @mehnathuquqbot telegram tarmog‘i tashkil etilgan bo‘lib, ushbu tarmoqqa jami 6 135 ta murojaatlar va xabarlar kelib tushdi va hozirgi kunga qadar murojaatlar kelib tushmoqda.
 
Izoh: Mazkur ma'lumot Xalqaro mehnat tashkilotining 81-son “Sanoat va savdodagi mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi va 129-son “Qishloq xo‘jaligidagi mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi konvensiyalari talablariga muvofiq e'lon qilinmoqda.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Поделиться