Vazir Rahmat Mamatov Surxondaryo viloyatida aholi muammolarini bartaraf etishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov raisligida Surxondaryo viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasida viloyatning sharoiti og‘ir, ko‘p millatli, olis va chegara hududlaridagi 99 ta qishloq va mahallalarda qurilish va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, aholining turmush tarzini yaxshilash, ularning ijtimoiy muammolarini tizimli bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Viloyat Xalq qabulxonasi, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari rahbarlari, tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limlari boshliqlari ishtirok etgan ushbu yig‘ilishda Ishchi guruhlar tomonidan 11 515 ta xonadon o‘rganib chiqilgani va 1538 ta xonadondagi muammolarning 618 tasi joyida hal etilgani ta'kidlandi.
Aytib o‘tilganidek, aholining ijtimoiy muammolarini bartaraf etish maqsadida o‘tgan vaqt davomida 139.5 km.lik tuproq yo‘llarga shag‘al yotqizilib, 1 km. yo‘l asfal'tlandi. 8 ta ko‘prik, 11 ta transformator ta'mirlanib, 588 ta xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari, 433 tonna ko‘mir (briket) mahsuloti yetkazib berildi. Shu bilan birga 164.81 km.lik ariq va zovurlar tozalanib, 245 ta chiqindixona tartibga keltirildi, ko‘chalarga tungi yoritgichlar o‘rnatildi.
Vazir R.Mamatov amalga oshirilgan ishlar qatorida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, viloyatning Muzrabot tumanidagi “Tong yulduzi”, Termiz tumanidagi “Gulbahor”, Denov tumanidagi “Paxtakurash”, “Yoshlik”, “Sina-1”, “Yurchi”, “Dashtchinor”, Uzun tumanidagi “Fayzobod”, Sariosiyo tumanidagi “Kelajak sari”, “Sorijar” mahallalarida olib borilayotgan ishlar bilan shaxsan tanishish jarayonida hududlarda ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani va bugungi kunda bu borada viloyat miqyosida amalga oshirilayotgan ishlar “qoniqarsiz” ekanligini ta'kidlab o‘tdi.
Misol uchun Boysun tumanida 16.5 km, Sariosiyo tumanida 37 km, Uzun tumanida 68 km. masofadagi ichki yo‘llarga shag‘al va tosh yotqizish ishlari amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsada, bu boradagi ishlar yakuniga yetkazilmagan. Qolaversa, Boysun, Uzun tumanlari va Termiz shahrida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uylarida amalga oshirilgan ta'mirlash ishlari to‘liq tugallanmagan. Bandixon, Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi tumanlari va Termiz shahridagi xonadonlarning fasad qismlari ta'mirlanmagan.
– Bizga raqamlar kerak emas, – deydi vazir R.Mamatov. – Eng asosiysi, qilayotgan amaliy ishlardan odamlar rozi bo‘lsin, ularning yashash tarzi, hayoti ijobiy tomonga o‘zgarsin. Tizimdagi har bir xodimning asosiy maqsadi shu bo‘lishi kerak.
Shuningdek, yig‘ilishda hududlardagi o‘rganishlar jarayonida aniqlangan yana bir qator muammolar va bunga yo‘l qo‘yayotgan mas'ullar jiddiy tanqid ostiga olindi.
Jumladan, “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyili asosida fuqarolar yig‘inlari xodimlarida faolik yetishmayotgani, xonadonlarni belgilangan tartibda arxitektura qoidalariga asosan qurish, xonadonlardagi turmush madaniyatiga rioya etilishi, sanitariya talablari yuzasidan jamoatchilik nazorati tashkil etilmagani aytib o‘tildi.
Yig‘ilish davomida qator mas'ul tashkilotlar vakillari ko‘tarilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita