Joriy yilning 1-fevral kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Xanif Atmar va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgar boshchiligidagi Afg‘oniston delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Kun tartibiga siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi moliyaviy-texnik hamkorlikning dolzarb masalalari kiritildi.
Tomonlar Afg‘onistonning Markaziy Osiyo makonidagi iqtisodiy aloqalarga jalb qilinganlik darajasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuvda, shuningdek, energetika, savdo va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida birgalikda loyihalarni amalga oshirish borasida ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Shu nuqtai nazardan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi doirasida ishlarni imkon qadar tezroq boshlab yuborish bo‘yicha navbatdagi qo‘shma tadbirlar kelishib olindi.
Suhbat davomida qator ikki tomonlama hujjatlar, xususan, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirish bo‘yicha istiqbolli chora-tadbirlar muhokama etildi. Tomonlarni o‘zaro qiziqtirgan masalalarning hamkorlikda yechimini topish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishildi. Bundan tashqari, tomonlar Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida tranzit tashuvlari to‘g‘risidagi bitim ustida ishlashni boshlash va o‘zaro savdo tartiblarini soddalashtirish uchun qo‘shimcha mexanizmlarni yaratishning shart-sharoitlarini muhokama qildilar.
Muhokama kun tartibi doirasida “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yo‘l qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yuqori darajadagi Uch tomonlama ishchi guruhining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tezroq imzolash maqsadida uni birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldilar. Shu bilan birga, rejalashtirilgan tashabbus va kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi sa'y-harakatlar ham belgilab olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi