Farg‘ona viloyatining sanoat va eksport salohiyatini bo‘yicha ish olib borilmoqda
Joriy yilning 28-yanvar kunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan iborat ishchi guruhi Farg‘ona viloyati hududiy investitsiya dasturini shakllantirish va viloyatning sanoat va iqtisodiy salohiyatini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish borasida faoliyat olib bormoqda.
Ishchi guruhi joylarga chiqqan holda aholi va tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish orqali viloyatning barcha 19 tuman va shaharlari kesimida “iqtisodiy o‘sish nuqtalari”ni ishga solgan holda investitsiya va sanoat faoliyatini rag‘batlantirish uchun mavjud bo‘lgan va qo‘shimcha zaxiralarni chuqur tahlil qilib bormoqda.
Shuningdek, ishchi guruhi a'zolari tomonidan viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha sanoat ob'ektlarining joriy holati ham o‘rganilmoqda va muammoli masalalar aniqlanib, qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda. Ko‘rilayotgan choralar faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni maksimal ishlab chiqarish quvvatiga olib chiqish bilan birga, mahsulotlar hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yuqori iqtisodiy samaraga ega bo‘lgan yangi yirik investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ko‘paytirish vazifasi qo‘yilgan. Bu, o‘z navbatida, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotni ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni nazarda tutadi. Alohida tovar va xom ashyo zanjirlari doirasida o‘zaro bog‘langan ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish orqali tegishli tarmoqlarni rivojlantirish shart-sharoitlarini shakllantirish istiqbollari qayd etilgan.
Bundan tashqari, joylarga amalga oshirilayotgan safarlar davomida mahallalar raislari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ular bilan “Mahalla raisi – islohotchi” yangi tashabbusi doirasida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni rag‘batlantirishning tamoyillarini tushuntirish bo‘yicha manzilli ishlar olib borilmoqda. Tashabbus mahalla raislarining davlat organlari va tijorat banklari bilan yaqin hamkorlik qilish hamda kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlari yaratish, qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, shuningdek, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amaliy tadbirlarda ishtirok etish darajasini oshirishni nazarda tutadi.
Ishchi guruhi kelgusi hafta davomida viloyatda o‘z ishini davom ettiradi. Natijalari bo‘yicha Farg‘ona viloyatining 2021–2022 yillarga mo‘ljallangan hududiy investitsiya dasturi shakllantiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi