O‘zbekiston ilk bor Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Kengashining yig‘ilishida ishtirok etdi
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (EOIK) Kengashining shu yil 29-yanvar kuni videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) da kuzatuvchi maqomini olgan mamlakat sifatida birinchi marta O‘zbekiston vakili ishtirok etdi.
Tegishli qaror 2020-yilning 11-dekabrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida qabul qilingan.
YeOIK yig‘ilishida Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Yevroosiyo iqtisodiy kengashi raisi A.Smailov, Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Overchuk, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchisi A.Novikov, Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Petrishenko, Armaniston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M.Grigoryan va YeOIK Kengashi raisi M.Myasnikovich qatnashdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi nomidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov qatnashdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida kuzatuvchi mamlakat maqomidagi O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Teng huquqlilik, o‘zaro manfaatdorlik va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida konstruktiv hamkorlik qurishning ahamiyati qayd etildi.
Yig‘ilish kun tartibiga savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasining keng ko‘lamli masalalari kiritildi. Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik va farmasevtika tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash muhimligiga alohida e'tibor qaratildi.
Ta'kidlash joizki, o‘tgan to‘rt yil mobaynida O‘zbekiston va YeOII mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 75 foizga o‘sdi va bugungi kunda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 30 foizdan ortig‘i YeOII davlatlariga to‘g‘ri keladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi