O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqaro to‘qimachilik brendlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda navbatdagi qadam

2021-01-30 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 29-yanvar kuni Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi bilan hamkorlikda ekspertlar, xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlar, dunyoning yetakchi to‘qimachilik brendlari, xalqaro moliya institutlari va taraqqiyot hamkorlari hamda ishbilarmon uyushmalar vakillari ishtirokida onlayn shaklda “O‘zbekistondan barqaror yetkazib berish” mavzusida biznes-anjuman o‘tkazildi.

Anjumanda AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolayn Lemm, AQSh savdo vakilining o‘rinbosari Kristofer Uilson, AQSh mehnat vaziri o‘rinbosarining yordamchisi Mark Mittelxauzer, shuningdek, ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq vakillari, jumladan “Adidas”, “GAP”, “Macy's”, “Target”, “Creative Sportswear Group Inc.”, “Common Objective”, “Morrisons”, “Egis International” kabi va boshqa yirik to‘qimachilik brendlari rahbarlari ishtirok etdi.
 
O‘zbekiston tomonidan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi rahbariyati ishtirok etdi.
 
Anjumanda O‘zbekiston tarafi O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan mehnat sharoitlarini yaxshilash va majburiy mehnatning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarining batafsil taqdimotini o‘tkazdi hamda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda xorijiy brendlar va xalqaro standartlarni joriy etuvchi mahalliy paxta va to‘qimachilik klasterlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning shakllangan shart-sharoitlarini belgilab berdi.
 
Panel' sessiya davomida Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) katta texnik maslahatchisi Yonas Astrup, “Silverlif” kompaniyasi bosh direktori Den Patterson va boshqa bir qator ekspertlarning taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
 
XMT vakillari 2020-yilda O‘zbekistonda paxta kampaniyasining amalga oshirilishini kuzatish natijalari bo‘yicha yillik hisobotni taqdim etdi. Unga ko‘ra paxta yig‘im-terimida tizimli bolalar va majburiy mehnatni bartaraf etishda oldingi mavsumga nisbatan sezilarli yutuqlar qayd etilgan. Ayniqsa, O‘zbekiston tarixida birinchi marta respublikaning ayrim hududlarida birorta ham majburiy mehnat holati qayd etilmaganligi alohida ta'kidlandi.
 
XMT ekspertlari, shuningdek, O‘zbekistonda bir qator to‘qimachilik klasterlari paxta yig‘im-terimini to‘liq mexanizasiyalashga o‘tganligini ta'kidladilar, bu ayni paytda mehnat huquqlarining buzilishi ehtimolini oldini oladi va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etish uchun shart-sharoit yaratadi.
 
Anjumanda so‘zga chiqqan “Silverlif” kompaniyasi rahbari Den Patterson O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Unga ko‘ra, “mamlakatdagi islohotlar ortga qaytmas bo‘lib, salmoqli natijalarga olib kelmoqda”. U xorijiy brendlarni o‘zbek paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan faol hamkorlik qilishga chaqirdi. Klasterlar rivojlanishining texnologik darajasi xalqaro standartlar va jahon brendlari talablariga javob beradigan yuqori sifatli, raqobatbardosh mahsulotlarni tizimli yetkazib berishni ta'minlash imkonini beradi.
 
Tadbir doirasida O‘zbekistonga investisiya kiritishning ekologik, ijtimoiy va boshqaruv jihatlari bo‘yicha “Xenophon Strategies” kompaniyasining hisobot taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu hisobot Markaziy Osiyoda biznes hamkorligini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor bo‘lgan milliy va xalqaro investorlar, jumladan, institusional investorlar va yirik biznes vakillari uchun qo‘llanma hisoblanadi. Ingliz tilida chop etilgan mazkur taqdimot birinchi navbatda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha barqaror rivojlanish Kun tartibi (SDGs) va Jahon bankining (Sovereign ESG Data Framework) xalqaro hisobot standartlariga asoslanadi. Ushbu hujjat bilan  “www.changeinuzbekistan.com” maxsus veb-saytida tanishish mumkin.
 
Shuningdek, tadbir davomida “Common Objective”, “Exocyte Limited”, “Echomood”, “KatBro Corporation” va “Stellar Partners Limited” kabi qator brendlar vakillari O‘zbekistonga investisiyalar kiritish imkoniyatlari, eksport geografiyasi, ishlab chiqarish hajmi va O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirishning prognoz ko‘rsatkichlari haqida batafsil ma'lumotga ega bo‘ldilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться