O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan markaz ochildi

2021-01-30 | Iqtisodiyot

Qadimgi Ipak yo‘li yo‘nalishi bo‘ylab joylashgan Rishton tumani o‘zining kulolchiligi bilan doimo mashhur bo‘lib, Markaziy Osiyoda uni ishlab chiqarish markazi bo‘lgan. Milliy kulolchilik an'analari avloddan-avlodga o‘tib, jadal rivojlanishda davom etmoqda. 

Bugungi kunda Rishtonda 20 dan ortiq katta hunarmandlar shuningdek, ularning 7 mingga yaqin o‘quvchisi yashab, mehnat qilmoqda, har biri 30 dan 50 oilani ish bilan ta'minlaydi – mahalliy aholi uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tortib badiiy kulolchilik mahsulotlarigacha bo‘lgan tayyor mahsulotlarni uyda bo‘yash bilan shug‘ullanadi. Shunday qilib, rishtonlik kulollarning o‘ziga xos an'ana va ko‘nikmalariga asoslangan holda aholining keng qatlamlari yirik kapital qo‘yilmalarisiz ish o‘rinlari va barqaror daromad bilan ta'minlanmoqda.
 
O‘tgan bahorda viloyatlar va tarmoqlar eksport salohiyatini rivojlantirish Respublika komissiyasining Farg‘ona viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida, mahalliy oqsoqollar va hunarmandlar kulolchilik ishlab chiqarish an'analarini saqlab qolish uchun hunarmandchilik markazi yaratish yuzasidan murojaat bilan chiqdilar. Murojaatda ta'kidlanishicha, Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish yaqin atrofdagi mahallalar aholisini ishlab chiqarish, kadrlarni tayyorlash va ish bilan ta'minlashni ilmiy va tizimli asosda tashkil etish hamda Rishton ustalarining mahsulotlarini chet el bozorlariga eksport qilish imkonini beradi.
 
Murojaatga tezkor choralar ko‘rildi va tez orada Respublikada kulolchilik ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli investitsiya dasturi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Dasturning asosiy muvofiqlashtiruvchi vazifasi doirasida Rishton tumanida kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan markaz qurilishi boshlandi.
 
Joriy yilning 29-yanvar kuni Markazning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov, Farg‘ona viloyati hokimi X.Bozorov, Rishton kulolchilik maktabining mohir hunarmandlari, Rishton tumanining barcha 69 mahallasi raislari, shuningdek, mahalliy oqsoqollar va aholi ishtirok etdi.
 
Tarkibiga muzey, ko‘rgazma galereyalari va bank filiali kirgan Markaz 1,1 gektar maydonda joylashgan va 20 ta alohida majmuani o‘z ichiga oladi. Ularning birinchi qavatida ustaxonalar va ko‘rgazmalar, ikkinchi qavatida esa yashash uchun xonalar va ish kabinetlari mavjud. Bu majmualarning har biri ko‘p asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan alohida uslubiyotlar asosida kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va shogirdlarni tayyorlashni tashkil etish uchun tajribali ustalarga topshirildi.
 
Markaz to‘liq quvvat bilan ishlashi uchun 230 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va 1200 ga yaqin uy xo‘jaliklari ish bilan ta'minlanadi. Xususan, ular ishlab chiqarishga jalb qilinadi va texnologik jarayonining ayrim amaliyotlarini uyda bajaradi.
 
Ushbu Markazning o‘ziga xos afzalligi klaster yondashuvi hisoblanadi. Ya'ni, yaqin kelajakda dunyoda tengi bo‘lmagan kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirishga imkon beruvchi katta quvvatga ega sanoat bazasi va ayni paytda, yosh mutaxassislarga "ustoz-shogird" tamoyili bo‘yicha ko‘nikmalarni o‘rgatish uchun platforma yaratildi. U rishtonlik ustalarning an'analarini yanada rivojlantirishda yangi bosqichni va bundan tashqari-viloyatning turistik salohiyatini rivojlantirish uchun istiqbolli yo‘nalishni boshlab bera oladi. Bundan tashqari, Markaz faoliyati doirasida tashkil etilgan savdo kanallari orqali, jumladan, yagona logistika markazini tashkil etish va xalqaro savdo maydonlarida mahsulotlarni joylashtirish orqali tayyor mahsulotlarni barqaror eksport qilish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
 
Markazga amalga oshirilgan tashrif chog‘ida marosim ishtirokchilari uning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar va milliy amaliy san'at namunalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Mutasaddi rahbarlarga Markazning ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanishni ta'minlash, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga uzluksiz yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
 
Shuningdek, ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan tadbirda marosim ishtirokchilari Rishton tumani mahalla raislari bilan suhbatlashib, “mahalla raisi – islohotchi” yangi tashabbusni amalga oshirish doirasida hamkorlikni yanada kuchaytirishning amaliy jihatlarini, aholi bandligini ta'minlash, kommunal va ijtimoiy infratuzilmaning bugungi holati bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama etib, ularni hal qilish bo‘yicha ustuvor harakatlarni belgilab oldilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться