Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, Surxondaryo viloyati hamda Muzrabot tumani hokimligi rahbariyati vakillari tumandagi “Tong yulduzi” mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mazkur mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolarning mavjud ijtimoiy muammolarini o‘rganish bo‘yicha qator ishlar olib borildi. Jumladan, mahalladagi ehtiyojmand oilalar xonadonlari va ichki ko‘chalarni tartibga keltirish hamda obodonlashtirish ishlarini davom ettirish uchun mas'ullarga zarur topshiriqlar berildi.
Shuningdek, mahalladagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftariga” kiritilgan oila a'zolarini ijtimoiy himoya qilish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doir qator ko‘rsatmalar berib o‘tildi.
Ishchi guruh tomonidan olib borilgan tezkor amaliy choralar natijasida bugunning o‘zida mahalladagi 3 kmlik yaroqsiz yo‘lni ta'mirlash maqsadida tosh qoplama yotqizildi. Aholi tomonidan berilgan taklif asosida mahallada zamonaviy tipdagi bolalar bog‘chasi qurish uchun zarur tashkiliy ishlar boshlab yuborildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi