Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida eksportchi tadbirkorlar uchun davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 2000 ga yaqin mahalliy eksportchilar hamda kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirokida tashqi savdo sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda Respublikaning eksport salohiyatini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlashga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, 30 ga yaqin ixtisoslashgan vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, shuningdek, investitsiyalar va tashqi savdo bo‘yicha viloyatlar hokimlari o‘rinbosarlari bir qator tadbirkorlar kabi videokonferensiya orqali qatnashdi.
Ochiq muloqot shaklida kechgan anjuman chog‘ida eksport faoliyatini samarali rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani, shu jihatdan xususiy biznes vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot ushbu sohaning hozirgi holatini o‘rganish va uni takomillashtirish bo‘yicha istiqbolli takliflarni ishlab chiqish uchun eng samarali vosita sifatida qaralayotgani ta'kidlandi.
Davra suhbati davomida eksportchi tadbirkorlar ishlab chiqarish va eksport faoliyati jarayonida duch kelinayotgan dolzarb masalalarni bildirib, ishbilarmonlik muhiti va eksport operatsiyalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv takliflarini ilgari surish imkoniga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, yechimi eksport salohiyati va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o‘sishiga yordam beradigan mavjud tizimli muammolar atroflicha muhokama qilindi. Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimini takomillashtirish va eksport faoliyatini amalga oshiradigan yoki amalga oshirmoqchi bo‘lgan barcha tadbirkorlik subyektlarini uning xizmatlari bilan to‘liq qamrab olishni ta'minlashning muhimligi qayd etildi.
Mavjud bo‘lgan ishlab chiqarishni kengaytirish, to‘liq qiymat zanjirlarini yaratish, savdoning yangi yo‘nalishlarini o‘zlashtirish va yangi istiqbolli xorijiy bozorlarga chiqish orqali eksport hajmini oshirish uchun qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash va ulardan foydalanishga yo‘naltirilgan tadbirkorlar bilan manzilli ishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar bilan muntazam ravishda joylarga borib, muayyan korxonalar kesimida ahvolni o‘rganish orqali doimiy hamda bevosita muloqotni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta'kidlandi.
O‘z navbatida, vazirlik va idoralar vakillari eksportchilar uchun mavjud bo‘lgan imtiyozlar va preferensiyalar, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning amaldagi mexanizmlari, jumladan, eksportoldi moliyalashtirish vositalari, transport xarajatlarini qoplash, tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kafolatlar berish va eksport shartnomalarini sug‘urtalash, milliy mahsulot hamda brendlarni tashqi bozorga chiqarish imkoniyatlari to‘g‘risida, xorijiy mijozlarni topishda, muzokaralar jarayonida va zarur xalqaro sertifikatlarni olish tartiblarida amaliy ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida batafsil ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Bundan tashqari, "B2G" shaklida savol va javoblar sessiyasi tashkil qilindi, uning doirasida eksportchi tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga aniq javoblar olishga va tegishli davlat tuzilmalari va tashkilotlari vakillari bilan shaxsan maslahatlashish imkoniga ega bo‘ldilar.
Davra suhbati yakuniga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Eksportni rag‘batlantirish agentligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda aytib o‘tilgan takliflar asosida amaldagi eksportchilar hamda o‘z mahsulotlarini chet elga eksport qilishni istagan tadbirkorlar uchun yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini, shuningdek, mahalliy mahsulotlar eksporti hajmini oshirish maqsadida qo‘shimcha zaxiralardan foydalanish bo‘yicha aniq algoritmlarni ishlab chiqish topshirildi.
Eksportchi tadbirkorlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish maqsadida bunday tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazish amaliyotini davom ettirishga qaror qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi