O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Misr Arab Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor elchisi Amira Fahmiy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv siyosat, savdo, investitsiya, transport va madaniy-gumanitar hamkorlik sohasidagi O‘zbekiston-Misr munosabatlarining bugungi holati, shuningdek, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini atroflicha muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Ikki mamlakat iqtisodiyoti investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini bir necha barobar oshirish uchun barcha zarur shart-sharoit hamda resurslarga ega ekanligi ta'kidlandi. Xususan, ikki davlat turli tarmoqlarining raqobatdosh ustunliklarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston va Misr ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Misr ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish orqali ikki mamlakat o‘rtasida ishbilarmonlik sherikligini birgalikda rag‘batlantirishning muhimligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, har ikki mamlakatda savdo uylari va biznesni qo‘llab-quvvatlash markazlarini ochish taklifi ko‘rib chiqildi.
Muloqotda, shuningdek, idoralararo darajada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta'kidlandi va shu munosabat bilan yaqin kelajakda Misr Arab Respublikasi Xalqaro hamkorlik vazirligi va Investitsiyalar va erkin zonalari Bosh agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbar va ekspertlari o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatish va o‘rta hamda uzoq muddatli ustuvor vazifalarni aniqlash maqsadida bir qator uchrashuvlar va videokonferensiyalar o‘tkazishga kelishib olindi.
Tomonlar O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi va Misr Savdo palatalari federatsiyasi hamda ikki mamlakat xususiy sektor kompaniyalari ishtirokida O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashini tuzish bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni boshlashga alohida tartibda kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Toshkentda savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Misr hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Uning doirasida “G2B” va “B2B” shaklida qo‘shma biznes-forum va bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Tomonlar, shuningdek, kelishilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun aniq amaliy chora-tadbirlar, muddatlari va har ikki tarafning mas'ul shaxslarini ko‘rsatgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi