JP Morgan Development Finance Institution tuzilmasi O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutadagi xalqaro obligasiyalari tranzaksiyasining taraqqiyotga bo‘lgan ta'sirini “yuqori darajada” baholadi
JP Morgan Development Finance Institution (JP Morgan DFI) tuzilmasi
2020-yil 19-noyabrda chiqarilgan O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutadagi ilk xalqaro obligasiyalari tranzaksiyasiga “taraqqiyot moliyasi” maqomini (Development Finance Qualification) berdi va tranzaksiyaning taraqqiyotga bo‘lgan ta'sirini “yuqori darajada” baholadi.
Xalqaro obligasiyalardan tushgan 2 trln. so‘m miqdoridagi mablag‘lar Birlashgan millatlar tashkilotining (BMT) Barqaror rivojlanish maqsadlariga, xususan kambag‘allikka qarshi kurashish, sog‘lom turmush tarzini va sifatli ta'limni targ‘ib qilish, gender tengligi ta'minlanishini jadallashtirish, toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini yaratish, munosib mehnat sharoiti va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash hamda infratuzilma barqarorligini oshirishga qaratilgan rivojlanish loyihalari uchun sarflanadi.
Qarz mablag‘laridan foydalanishda samaradorlik va shaffoflikni oshirish maqsadida JP Morgan DFI tuzilmasi bilan hamkorlikda saralangan rivojlanish loyihalarining amalga oshirilishi natijalari bo‘yicha yillik hisobot Moliya vazirligi veb-saytida joylashtiriladi va xalqaro investorlarga taqdim etib boriladi. Amalga oshirilgan loyihalarning aholi turmush darajasini yaxshilashga bo‘lgan ta'siri mazkur hisobotda aks ettiriladi.
Qayd etish joizki, JP Morgan DFI tuzilmasi tomonidan xalqaro obligasiyalardan tushgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan rivojlanish loyihalarining natijalari bo‘yicha yillik hisobot e'lon qilinishi dunyo miqyosida birinchi amaliyot ekanligi va bu boshqa mamlakatlar uchun na'muna sifatida xizmat qilishi etirof etildi.
Mazkur rivojlanish loyihalari maktablar, sog‘liqni saqlash muassasalari, ichimlik suvi va kanalizasiya quvurlari va avtomobil yo‘llarini qurish va ta'mirlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar va oilalarga hamda nogiron ayollarga moddiy yordam ko‘rsatish, oilaviy va xususiy biznesni tashkil etishda ayollarga imtiyozli kreditlar berish, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ishsizlik nafaqalari uchun to‘lovlarni moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, rivojlanish loyihalarining amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borish bo‘yicha Moliya vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasida “Anglashuv memorandumi” imzolanishi rejalashtirilgan.
Ma'lumot uchun: JP Morgan DFI tuzilmasi milliy valyutadagi xalqaro obligasiyalar tranzaksiyasida taraqqiyot moliyasini tuzilmalashtirish bo‘yicha maslahatchi (Development Finance Structurer) bo‘lib, tuzilma tomonidan ushbu tranzaksiyaning rivojlanishga bo‘lgan ta'siri “taraqqiyot moliyasi” uslubiyoti asosida tahlil qilingan.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga 2030-yilgacha erishish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktabrdagi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 841-sonli qarori qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PF–5635-son Farmoni bilan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari O‘zbekiston Respublikasining 24 ta ustuvor xalqaro reyting va indekslari qatoriga kiritilgan.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi