Chegara hududidagi mahalla aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda qator takliflar o‘rtaga tashlandi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov Buxoro viloyati Olot tumani “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurib, mahalla faollari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.
Unda asosiy masala sifatida chegara oldi hududida istiqomat qiluvchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolari hamda u bilan bog‘liq murojaatlarni o‘rganish va bartaraf etishga alohida e'tibor berildi.
Ma'lumot o‘rnida aytish lozimki, “Arabxona” mahallasi qo‘shni Turkmaniston Respublikasining Farob tumani bilan chegaradosh hududda joylashgan bo‘lib, ayni paytda bu yerda 560 ta oila, 2 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahallada nogironligi bo‘lgan shaxslar 24 nafar, to‘rt nafar va undan ortiq farzandi bor oilalar 20 ga hamda moddiy yordam oluvchi, notinch, kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar soni 10 ga yaqin bo‘lib, bugungi kunda ularga mahalla tomonidan har tomonlama ko‘mak berib kelinmoqda.
Fuqarolar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida mahallaga qo‘shimcha ravishda yangi umumta'lim maktabi, qishloq vrachlik punkti barpo etish yuzasidan murojaatlar tinglandi. Shu bilan birga hududdagi ichki yo‘llarni ta'mirlash bo‘yicha ham qator takliflar bildirildi.
Vazir R. Mamatov murojaatlarning ijrosini nazoratga olish va aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilash bo‘yicha hududdagi mas'ullarga aniq vazifalar belgilab berdi. Shu bilan birga mahalladagi mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan “Yo‘l xarita”si ishlab chiqilib, ijrosi nazoratga olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi