Sirdaryo viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan “Ayollar daftari"ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Unda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, IIB, AT “Xalq banki” filiali mas'ul xodimlari, hududdagi 102 ta fuqarolar yig‘ini raislarining oila, xotin-qizlar va ma'naviy-ma'rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, psixologlar ishtirok etishdi.
Seminarda ishtirok etgan Sirdaryo viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari N.Tojiboyeva “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini hal etish maqsadida tizim mas'ullari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda ishtirokchi tashkilotlar mas'ul xodimlari tomonidan ishsiz ayollar bandligini ta'minlash, bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan nodavlat o‘quv markazlari o‘rtasida ayollarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi o‘quv dasturi tanlovlarini o‘tkazish, g‘oliblarga grantlar ajratish, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat Kengashi tomonidan mutasaddi boshqarma va idoralar bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligida kooperatsiya munosabatlarini joriy etgan holda shaxsiy tomorqalarda yetishtirilayotgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga yetkazishda xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatish borasida belgilangan vazifalar ijrosi xususida fikr yuritishdi.
Shuningdek, tuman (shahar) Aholi bandlikka ko‘maklashish markazlari qoshida “Xotin-qizlar huquqiy, psixologik maslahatxonasi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda ayollar bilan indivudial ishlash uchun bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shartnoma asosida psixologlarni jalb etishda mahalla xodimlarining asosiy vazifalari aytib o‘tildi.
Seminarda mahalla raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy ma'naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlashga doir zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi