Adliya vazirining yuridik universitet talabalari uchrashuvi: yangi g‘oyalar va motivatsiya
Joriy yilning 23-yanvar kuni adliya vaziri Ruslanbek Davletov Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari bilan uchrashdi.
Erkin muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda bugungi kunda huquqshunos kadrlarni oldiga qo‘yilayotgan talablar, bu sohada ta'limga berilayotgan e'tibor, shuningdek huquqiy manbalar bilan ishlash usullari bo‘yicha fikrlar almashildi.
Jumladan, adliya vaziri tomonidan talabalarga o‘z ishining ustasi bo‘lishi uchun tinimsiz izlanishdan charchamaslik kerakligi, huquqshunoslar uchun til bilishning ahamiyati, til bu shunchaki muloqot vositasi bo‘libgina qolmay dunyoqarashning kengayishiga ham xizmat qilishi va muvaffaqiyat manbalaridan biri ekanligi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, tadbir davomida adliya vaziri yuridik sohadagi kadrlarni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha kelgusidagi rejalar va takliflar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan:
· talabalar uchun xorijiy hamkor universitetlarda bir semestrdan bir o‘quv yiligacha o‘qib kelish imkoniyati yaratiladi;
· xorijda magistraturada va doktoranturada o‘qish uchun grantlar va stipendiyalar ajratiladi;
· “Yil talabasi” tanlovi o‘tkaziladi va uning g‘olibi to‘g‘ridan to‘g‘ri Adliya vazirligiga ishga qabul qilinadi;
· huquqshunoslikka ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari talabalari orasida olimpiadalar, “Balli huquqshunoslar” ko‘rik tanlovi tashkil qilinadi;
· Markaziy Osiyo davlatlari yuridik oliy ta'lim muassasalari talabalarining “Central Asia Law Congress” yuridik kongressini Toshkent shahrida o‘tkazish rejalashtiriladi.
Shu bilan birga, bilimli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Adliya vazirligi stipendiyasi”ni joriy etilayotganligi, o‘quv jarayonini innovatsion infratuzilma bilan qamrab olgan zamonaviy Toshkent davlat yuridik universitetini kampusini qurish imkoniyati o‘rganib chiqilayotganligi aytib o‘tildi.
Talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga vazir bilan yuzma-yuz muloqot qilish jarayonida javob olishdi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi