Buxoroda O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi va O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 23-yanvar kuni Buxoro shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi va O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi Investitsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etildi.
Shu anjumanlarda Saudiya Arabistoni tomonidan Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falih, Energetika vazirligi, Sanoat va mineral resurslar vazirligi, Saudiya Arabistoni Savdo-sanoat palatalari Kengashi, Saudiya Arabistoni Markaziy banki, Saudiya Arabistoni eksport-import banki, Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamg‘armasi hamda "Acwa Power", "Saudi Aramco", "Al-Bassam Petroleum Equipment", "Salic", "Bahri", "Elm", "Bait-Al Batterjee", "Ma’aden", "Saudi Airlines" kabi 30 yaqin yirik kompaniyalar rahbariyati, O‘zbekiston tomonidan esa O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, boshqa idoralar va tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Tadbirlar davomida O‘zbekiston tomoni O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ishonchga asoslangan munosabatlarning yuqori darajada ekanligi bois energetika, kimyo va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohalarida bugungi kunda yirik loyihalar birgalikda amalga oshirilayotganligini ta'kidladi.
O‘z navbatida, tomonlar erishilgan kelishuvlarni to‘liq va o‘z vaqtida hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishga izchil yondashish bilan birga, O‘zbekistonda xorijiy kapital uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni hisobga olib, investitsiya, savdo-iqtisodiy sohalardagi tizimli o‘zaro manfaatli hamkorlikka o‘tish istiqbollarini qayd etdilar.
Saudiya Arabistoni tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar sur'ati va samaradorligi hamda shu munosabat bilan ikki tomonlama investitsiya va savdo sohasida hamkorlikni rag‘batlantirish uchun ochilayotgan keng imkoniyatlarga yuqori baho berdi. Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiya va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha izchil amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishga sodiqligini bildirdi.
Shu nuqtai nazardan, tomonlar O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni tadbirkorlik kengashining tashkil etilishini ikki mamlakat xususiy biznes vakillari o‘rtasida uzoq muddatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni biznes hamkorligi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishning ishonchli platformasi bo‘lishini olqishladilar.
Biznes-forum davomida neft-gaz va neft-kimyo sanoati, mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati, charm-poyabzal sanoati, ipakchilik, infratuzilmaviy qurilish va turizm kabi istiqbolli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish uchun mavjud bo‘lgan salohiyat ochib berildi. Shuningdek, saudiyalik investor va tadbirkorlar O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, shuningdek, investorlar huquqlarini himoyalash, eksportni rag‘batlantirish va biznes yuritish uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha joriy etilgan mexanizmlar to‘g‘risida batafsil ma'lumotga ega bo‘ldi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonda investitsiya va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish uchun muayyan sektorda yaratilgan shart-sharoitlar bilan to‘liq tanishish, hamkorlikning umumiy manfaatlari va istiqbollarini muhokama qilish va kelgusida birgalikda tayyorlash uchun aniq loyihaviy takliflarni ko‘rib chiqish imkoniga ega bo‘ldi. Aniq yo‘nalishlar va loyihalar bo‘yicha hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida "G2B" va "B2B" shakllarida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Forum yakunlari bo‘yicha Saudiya Arabistoni Savdo-sanoat palatalari Kengashi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida Qo‘shma tadbirkorlik kengashini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida Bitim, "Uzbekistan airways" AJ va "Flynas" kompaniyasi o‘rtasida turizmni rivojlantirish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv Memorandumi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
25-yanvar kuniga qadar ikki mamlakat ishbilarmonlar doiralari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha ishlar davom etadi. Buning natijasida geologiya, energetika, neft-kimyo, kimyo, metallurgiya sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika, sog‘liqni saqlash, axborot-kommunikatsiya sektori va turizm sohalarida aniq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishish kutilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi