O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston bilan hamkorlikka bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi
2021-01-22 | Siyosat
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston tashqi siyosatidagi yangi tendensiyalar: Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston bilan o‘zaro munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri Mahmud Bobonazarov.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston tashqi siyosatidagi yangi tendensiyalar: Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston bilan o‘zaro munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri Mahmud Bobonazarov.
Onlayn-formatda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yetakchi ekspertlar, olimlar, davlat organlari va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Rossiya, Xitoy, AQSH, Belgiya, Belarus, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Misr, Pokiston va boshqa davlatlarning ilmiy jamoatchiligi vakillari dolzarb mavzularda ma’ruzalar taqdim etdi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rihsiyeva tadbirni ochar ekan, O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi tendensiyalari, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bilan hozirgi kundagi hamkorlikning yuqori darajasini qayd etdi, xalqaro anjumanning dolzarbligi, maqsadi hamda vazifalariga to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan tashqi siyosat natijasida keyingi yillarda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va milliy institutlarimizga bo‘lgan ishonch tobora ortib borayotgani, mamlakatimiz xalqaro maydonda, ayniqsa, mintaqaviy masalalarni yechishda ishonchli va katta salohiyatga ega hamkor sifatida e’tirof etilayotganini ta’kidladi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlisga Murojaatnomasida mintaqamiz davlatlari bilan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch muhitini yanada mustahkamlash mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidlaganiga e’tibor qaratdi.
Bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar jarayoni mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qulay imkoniyatlar taqdim etmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi va qarori bilan barpo etilgan Markaziy Osiyo xalqaro instituti faoliyati ham ana shu ezgu maqsadlarga qaratilgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlari vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov, o‘z navbatida, “ushbu xalqaro anjuman yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati hamda mazkur amalga oshirilayotgan ishlarni chuqur tahlil qilishga mustahkam zamin yaratishi”ni alohida urg‘u berib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish, ochiq va amaliy tashqi siyosat yuritish borasida aniq “Yo‘l xaritasi” belgilab berilganini ta’kidladi.
“Yo‘l xaritasi” Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida ustuvor yo‘nalish ekani, mamlakatimizning tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini yangi mazmun mohiyat bilan boyitish va uni har jihatdan takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Mazkur jarayonda Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Mintaqaviy muloqot” xalqaro tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi direktori Myusha Sever tadbirda so‘zga chiqib, yangi O‘zbekiston so‘nggi yillarda erishgan muhim yutuqlar mintaqadagi mamlakatlar uchun namuna sifatida xizmat qilishi mumkinligiga e’tibor qaratdi.
Shuning bilan birga O‘zbekiston qo‘shni davlatlar, jumladan Afg‘oniston bilan do‘stona munosabatlarni mazmunan yuqori darajaga ko‘targanini e’tirof etdi. U Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston Afg‘oniston uchun rivojlanish modeliga aylanishi mumkinligini alohida ta’kidladi.
Anjumanning xalqaro ishtirokchilari O‘zbekiston so‘nggi yillarda olib borayotgan faol, muvozanatli va ko‘p qirrali tashqi siyosatiga yuqori baho berdi.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchillik kasb etgani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga ushbu jarayonda O‘zbekistonning muhim roli ko‘rsatib o‘tildi. Ekspertlarning fikricha, mamlakatimiz siyosati mintaqadagi savdo, iqtisodiyot, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda erishilgan ijobiy natijalarga asos bo‘lmoqda.
Ishtirokchilar O‘zbekistonning Afg‘onistonga ko‘rsatayotgan keng qamrovli yordamini yuqori baholadi.
Mazkur jarayonlarni chuqur o‘rganish va yanada rivojlantirish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etilgani, joriy yil O‘zbekistonda “Markaziy va Janubiy Osiyo – mintaqaviy o‘zaro bog‘liklik tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya, BMT shafeligida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim global forumi, Yoshlar huquqlari bo‘yicha Butunjahon yoshlar anjumani, diniy erkinlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy anjuman o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani buni yorqin ifodalayotgani ta’kidlandi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi