O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi elchi bilan uchrashdi
2021-01-19 | Jamiyat
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov mamlakatimizning Avstriya va Vengriyadagi favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashdi.
Uchrashuv mamlakatimizning Avstriya va Vengriyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Abad Fayzullayevning O‘zbekistonning Vengriya davlati bilan samarali hamkorligi to‘g‘risidagi axboroti bilan boshlandi.
Elchi go‘sht-sut yo‘nalishidagi naslli qoramolchilikni rivojlantirish, chorvachilik klasterlarini tashkil etishda Vengriya tajribasini amalga oshirish yuqori samara berishini ta’kidladi.
Muloqot davomida veterinariya va chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirishda o‘zaro hamkorlik o‘rnatish masalalari keng muhokama qilindi. Jumladan, Vengriyaning “Xunland” kompaniyasi bilan hamkorlikda sut yo‘nalishidagi chorvachilik qo‘shma klasterini tashkil etish, “Royal Pate” kompaniyasi bilan g‘oz yetishtirishga ixtisoslashgan ferma tashkil etish (umumiy summasi 1,5 million AQSH dollari), parranda go‘ngini qayta ishlashga ixtisoslashgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish (umumiy qiymati 10 million ASHQ dollari), “Mastur Gud” va “Xunbas” kompaniyalari bilan birgalikda hayvonlar oqsilini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish (umumiy summasi 15 million AQSH dollari) hamda Vengriya chorvadorlar uyushmasi bilan hamkorlikda go‘sht yo‘nalishida qo‘shma klaster tashkil etish (umumiy summasi 15 million AQSH dollari) kabi ko‘plab istiqbolli loyihalar xususida fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda “Xunland” kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyatining Navbahor tumanida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Qo‘shma korxona tomonidan Vengriya va Germaniya davlatlaridan sut yo‘nalishidagi jami 320 bosh golshteyn va simmental zotli qoramol olib kelingan. “Xunbas” kompaniyasi bilan hamkorlikda parranda go‘ngini qayta ishlashga ixtisoslashgan qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha onlayn muzokaralar olib borilmoqda.
Shu yilning fevral oyida esa qo‘mita mutaxassislaridan iborat delegatsiyaning Vengriyaga tashrifi rejalashtirilgan.
Tashrif chog‘ida naslli chorva mollarini yetishtirish, sut mahsulotlari va parranda go‘ngini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda vengriyalik hamkorlar bilan loyihalarni amalga oshirish, bu borada aniq biznes-rejalar ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar olib borilishi ko‘zda tutilgan.
Manba: O'zA