Buxoro viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda
Joriy yilning 15-yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan iborat ishchi guruhi joylarga chiqqan holda Buxoro viloyatini jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning bugungi holatini o‘rganish va uni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.
Ishchi guruhi a'zolari tuman, shahar va mahallalarda sanoat obyektlari, korxonalar va amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga tashrif buyurib, chuqur tahlil va tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish orqali viloyat sanoat salohiyatini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta'minlash uchun barcha mavjud bo‘lgan imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha takliflar ishlab chiqmoqda.
Ushbu jarayonda tubdan yangi “Mahalla raisi-islohotchi” usuli samarali vosita bo‘lib, “pastdan yuqoriga” tamoyili asosida mavjud bo‘lgan muammolarni infrastruktura, ijtimoiy ob'ektlar va aholi ehtiyojlarining hozirgi holatini boshqalardan ko‘ra yaxshi biladigan tuman va shahar mahalla raislari bilan faol o‘zaro hamkorlik qilish orqali aniqlash mexanizmini nazarda tutadi. Bunda raislarni ular nazorat qiladigan hududlarda iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish ishlariga jalb etilganlik darajasini oshirish ham amalga oshirilmoqda.
Shu o‘rinda, har bir alohida mahallaning sanoat ixtisoslashuvini hisobga olgan holda istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqishni nazarda tutgan holda mahallalar darajasida yangi “iqtisodiy o‘sish nuqtalari”ni aniqlash va ularni ishga solishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
“Vazirlik yoki idora - tarmoq birlashmasi - tijorat banki” tizimi doirasida viloyatning tuman va shaharlariga biriktirilgan mas'ul rahbarlarga qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, qambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Natijada viloyatning barcha 544 mahallasi uchun ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, kommunal va ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish, aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni qamrab olgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari ishlab chiqiladi.
Ishchi guruhi shu hafta davomida Buxoro viloyatida o‘z ishini davom ettiradi. Tuman va shaharlarga biriktirilgan rahbarlarning faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish bir qator vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlaridan iborat Respublika shtabi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi