Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi
Joriy yilning 16-yanvar kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tadbirda Vazirlik va uning quyi tashkilotlari rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi. Vazirlikning hududiy bo‘limlari muhokamalarda videokonferensiya orqali ishtirok etdi.
Muhokamada investitsiyalar va tashqi savdo faoliyati sohalariga urg‘u bergan holda Murojaatnomada joriy yilda amalga oshirish uchun belgilangan strategik maqsad va vazifalarning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi ma'ruza tinglandi.
Investitsiyalarni jalb etish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyali korxonalarni yaratishga qaratilgan istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, investitsiya muhitini yaxshilash, eksport salohiyatini oshirish va hududlarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi.
Iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish, kambag‘allikni qisqartirish, davlat kompaniyalarining transformasiyasini jadallashtirish, tovar va moliya bozorlarida erkin raqobat muhitini yaratish, viloyatlar, tumanlar, shaharlar va mahallalar darajasida "o‘sish nuqtalari"ni ishga solish hisobiga iqtisodiy o‘sishni ta'minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qishloq xo‘jaligining unumdorligi va samaradorligini oshirish, aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash va yangi eksport bozorlariga chiqish bo‘yicha Murojaatnomada belgilangan chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi.
Muhokama yakunida ishtirokchilar belgilangan vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashdilar va ustuvor yo‘nalishlarda kelgusida ish olib borishga doir konstruktiv takliflarni tilga oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi