Murojaatnomada ko‘zda tutilgan mahalla tizimiga oid muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi
Bugun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalari va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini ochib berish, unda keltirilgan masalalar bo‘yicha atroflicha fikr almashish maqsadida “Murojaatnomada ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida belgilangan vazifalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti kafedra mudiri Musallam Abdujabbarova hamda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Mansur Musaevlar mavzuga oid o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.
Ta'kidlanganidek, Murojaatnomada ko‘plab ijtimoiy sohalar qatori mahalla tizimini rivojlantirish, mahalla raislarining jamiyatdagi obro‘si va o‘rnini yanada oshirish, soha xodimlari tomonidan odamlar turmush tarzini yanada yaxshilash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq vazifa va takliflar bildirib o‘tilgan.
Ayniqsa, “mahalla raisi — islohotchi” tamoyili asosida tizim xodimlarining ijtimoiy mas'uliyatini oshirish, ularning jamiyatda kechayotgan jarayonlarga bevosita ta'sir o‘tkazuvchi asosiy kuch sifatida maydonga chiqishi lozim ekanligiga urg‘u berildi. Shuningdek, mahalliy hokimliklarning bu borada amalga oshirishi lozim bo‘lgan muhim vazifalari hamda hududdagi mavjud muammolarni bartaraf etishda fuqarolar yig‘inlari bilan olib borishi belgilangan aniq vazifalari keltirib o‘tildi.
Tadbir davomida yig‘ilish ishtirokchilarining mavzuga oid savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi