Yaponiya Bosh vazirining o‘rinbosari, moliya vaziri Taro Aso bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 15-yanvar kuni videokonferensiya shaklida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yaponiya Bosh vazirining o‘rinbosari - moliya vaziri Taro Aso bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi masalalari hamda uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. 2019-yilning dekabrida Yaponiyaga oliy darajada amalga oshirilgan tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar doirasida savdo-iqtisodiy, moliyaviy, texnik va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishda ijobiy tendensiya kuzatilganligi qayd etildi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlik qilishning borishi hamda ikki tomonlama yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq qator masalalar alohida muhokama qilindi. Yaponiya tomoni Yaponiyada xususiy biznes vakillarining O‘zbekistonda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etishga qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, joriy yilga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar, jumladan, O‘zbekiston-Yaponiya parlamentlararo forumining 3-yig‘ilishi hamda Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston - Yaponiya va Yaponiya - O‘zbekiston qo‘mitalarining navbatdagi yig‘ilishlarini tashkil etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlik doirasida keyingi tadbirlarni belgilab oldilar va hamkorlikning asosiy jihatlari bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi