O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident Toshkent shahrida yangi ochilgan zargarlik buyumlari ishlab chiqarish korxonasiga bordi
2021-01-15 | Siyosat
Zargarlik mahsulotlari butun dunyoda talab yuqori bo‘lgan tovarlardandir. Jahon zargarlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi yiliga besh-olti foizga o‘sayotgani, tovar aylanmasi 250 milliard dollardan oshayotgani uning ulkan eksport salohiyatidan dalolat beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 8-may kuni zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga sharoitni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda yurtimizdagi mavjud xomashyodan samarali foydalanish, tarmoqqa faol investitsiya jalb etib, zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish kerakligini alohida ta’kidlagandi.
Ko‘p yillar mamlakatimizda bu tarmoq e’tibordan chetda qolgan, zargarlik korxonalari asbob-uskunalarining 80 foizi eskirgan, ayrimlarida ishlab chiqarish to‘xtagan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida poytaxtimizdagi sobiq “FONON” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasihududida “Gold Moon Tashkent” MCHJ tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari 15-yanvar kuni ushbu korxonaga tashrif buyurdi.
Loyihani amalga oshirish uchun 20,8 million AQSH dollarilikmablag‘ jalb etildi. Italiya va Germaniyaning zargarlik tarmog‘ida yetakchi hisoblangan firmalaridan maxsus asbob-uskunalar keltirildi.
“Gold Moon Tashkent” MCHJ direktori o‘rinbosari Hikmat Mahmudovning aytishicha, turli xildagi tayyor va yarim tayyor zargarlik buyumlarini tayyorlashga 200 dan ortiq mohir usta-zargarlar jalb qilingan. Ishlab chiqarish jarayonida italiyalik dizayner va texnik xodimlar hunarmand zargarlarga o‘z mahorat va tajribalarini o‘rgatmoqda.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach,qimmatbaho metallar va toshlardan yiliga 6 tonna tayyor zargarlik buyumlari ishlab chiqariladi.
Zavodga xomashyo mamlakatimizdagi yirik tog‘-kon sanoati korxonalaridan birja savdolari orqali sotib olinadi. Zargarlik buyumlari “Fonon” brendi ostida ulgurji va chakana savdo orqali bozorga chiqariladi.
Ushbu korxona ish boshlashi mahalliy hunarmandlar uchun ham qulaylik yaratdi. Korxona ularga yarim tayyor mahsulot yetkazib beradi.
Shuningdek, zavod binosida savdo do‘koni ham tashkil etilgan. Bu yerda nafis uslubda ishlangan, jozibadorligi va sifati bilan barchaga birdek manzur bo‘luvchi zargarlik buyumlari savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan. Savdo do‘konida har bir mijozga individual xizmat ko‘rsatiladi hamda konsultant-sotuvchilar tomonidan mijozning didi va xohishiga ko‘ra, eng nodir zargarlik mahsulotlari tavsiya etiladi.
Davlatimiz rahbari korxonadagi ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirib, xodimlar bilan muloqot qildi.
– Zargarlik xalqimizda azaldan bo‘lgan, bugun ham bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bizning maqsadimiz – yoshlarni zamonaviy texnologiyalar va dizaynga o‘rgatib, kamida 10 ming nafar yigit-qizni ish bilan ta’minlash, O‘zbekiston milliy brendini jahon bozoriga chiqarish. Yurtimizda xomashyo, qo‘li gul hunarmandlar bor. Bu soha milliy an’analarni tiklash, o‘zligimizni anglash nuqtai nazaridan ham katta poydevor.
Korxona “Fonon” tovar belgisi ostida o‘zbek an’anaviy zargarlik buyumlarini Yevropa va Italiya dizayni bilan yanada boyitish, asillik darajasi va sifatini kafolatlash, oltinga ishlov berish usullarini ko‘paytirish orqali noodatiy taqinchoqlar ishlab chiqarish, har xil o‘lchamdagi yombilar savdosini yo‘lga qo‘yish, Hindiston, Afrika va Shri-Lankada ishlov berilgan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlardan foydalanib, taqinchoqlar yaratishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. bugungi kunda ularning xaridori ko‘payib, import o‘rnini bosmoqda. Shuningdek, zavod binosida savdo do‘koni tashkil etilgan. Mahsulotlarning 15 foizini Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va boshqa davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.
Zargarlik sohasini ichki bozorda rivojlantirish hamda raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur zargarlik buyumlari korxonasi ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yirik korxonalardan biri hisoblanadi.
Ziyodulla JONIBEKOV
Manba: O'zA