Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga ko‘ra, Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimlari qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish bo‘yicha soliq to‘lovchilardan kelib tushayotgan arizalarni 2 xil muddatda 7 kun va 60 kundan kechiktirmay ko‘rib chiqmoqda.
2020-yilda viloyat davlat soliq boshqarmasiga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish to‘g‘risida mingga yaqin murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 400 dan ziyodi qanoatlantirilib, tadbirkorlik sub'ektlarga 202,584 mlrd so‘m mablag‘ qaytarib berildi. Hozirda yana 126 ta ariza ko‘rib chiqilmoqda.
– Qo‘shilgan qiymat solig‘idan ortiqcha 542 mln. so‘m miqdordagi mablag‘ni qaytarish bo‘yicha davlat soliq boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgandik, – deydi Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “SURXON OLTIN MEVASI” MChJ rahbari Abdusattor Maxsumov. – Murojaatimiz 3 kun muddat ichida ko‘rib chiqilib, korxonamizning hisob-raqamiga ushbu mablag‘ tushirib berildi.
Surxondaryo viloyati DSB Matbuot xizmati
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi