O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreya buddistlarini O‘zbekiston ziyorat turlariga jalb qilish masalalari muhokama qilindi
2021-01-15 | Turizm
Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi xodimlari va Janubiy Koreyaning “Chogye” buddistlar tashkiloti vakili Yun Yung Xi hamda «Anytime Tour» sayyohlik kompaniyasi direktori Iy Bun Shim o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda janubiy koreyalik buddistlarning Surxondaryo viloyati va mamlakatimizning boshqa hududlarida joylashgan O‘zbekistonning tarixiy obidalariga sayohatlarini tashkillashtirish masalasi muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tub islohotlar to‘g‘risida atroflicha maʼlumot berildi. Bundan tashqari, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab buddizmning dastlabki rivojlanishi va tarqalishi tarixi bilan bog‘liq ko‘plab tarixiy yodgorliklar mavjud bo‘lgan Surxondaryo viloyatining sayyohlik salohiyati, xususan Qoratepa, Fayoztepa, Dalvarzintepa kabi qadimiy buddaviy yodgorliklari saqlanib qolgan hududlar haqida aytib o‘tildi.
Uchrashuv davomida Janubiy Koreya tomoniga O‘zbekistonda buddizmning paydo bo‘lishi va rivojlanishi to‘g‘risida taqdimot materiallari va videofilmlar namoyish etildi.
Suhbatdoshlarning maʼlum qilishicha, hozirgi vaqtda Janubiy Koreyada buddistlarning boshqa mamlakatlarga sayohatini tashkillashtiruvchi o‘nlab sayyohlik agentliklari mavjud. Koreya buddistalar tashkiloti vakillari ziyorat turizmini rivojlantirish uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Muloqotda, shuningdek, turizm sohasidagi infratuzilmani rivojlantirishga, shu jumladan transport, mehmonxona xizmatlari va umumiy ovqatlanish obyektlarini yaxshilash, milliy diqqatga sazovor joylarni qayta taʼmirlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni hisobga olgan holda, Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish istiqbolli ekanligi qayd etildi. Koreyalik sayyohlar uchun vizalarni O‘zbekiston tomonidan bekor qilinishi ham alohida rag‘batlantiruvchi omil ekani taʼkidlandi.
Koreya Respublikasi tomoni O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va yurtimizning sayyohlik kompaniyalari bilan aloqalarni o‘rnatish niyatini tasdiqladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi