Mamlakatimizda davlat xizmati va uning samaradorligini oshirish, yanada takomillashtirish mavzularida ilmiy tadqiqot olib borayotgan 30 nafarga yaqin olim hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirokida joriy yilning 11-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan onlayn davra suhbati tashkil etildi.
Unda Agentlikning Istiqbolli kadrlar seleksiyasi boshqarmasi xodimlari A.Raxmanov va D.Otabekovlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizda davlat xizmatini tubdan takomillashtirishga oid 2019-yil 3-oktabrdagi PF–5843-son Farmoni hamda PQ–4472-son qarorida davlat xizmati samaradorligini oshirish, davlat organlari va tashkilotlarida yagona kadrlar siyosatini ta'minlash va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida axborot berishdi.
So‘zga chiqqanlar Davlat fuqarolik xizmati samaradorligini oshirish davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan kadrlar malakasi, professional va shaxsiy ko‘nikmalari darajasi bilan chambarchas bog‘liq ekanligini aytib, davlat fuqaroligi xizmati bilan bog‘liq tizimli muammolarni hal etishda Agentlikning o‘rni beqiyos ekanligini ta'kidlashdi.
Tadqiqotchilar 2021-yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da oldimizda turgan dolzarb vazifalar bo‘yicha bir qator ilmiy va amaliy taklif-mulohazalar bildirib, ushbu ilmiy ishlanmalar natijalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha o‘z takliflari bilan ham faol ishtirok etishdi.
Agentlikning Malaka oshirish boshqarmasi boshlig‘i D.Karimov davlat xizmatchilarining malakasini oshirish borasida yagona tizim yaratish, ilg‘or xorijiy tajribadan unumli foydalanish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni AKT imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda tezkor yetkazib berish borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Davra suhbatida istiqboldagi dolzarb vazifalar hamda Davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish, amaliy taklif-mulohazalar bildirilishiga keng imkoniyatlar yaratish zarurligi inobatga olinib, kelgusida bu kabi uchrashuvlar tizimli o‘tkazilishiga kelishib olindi.
Mirzo Ulug‘bek Madalimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini
rivojlantirish agentligi Axborot xizmati yetakchi inspektori
Manba: «Yangi O"zbekiston»