Sirdaryo viloyatida “Ayollar daftari” asosida xotin-qizlar muammolarini hal etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi
Bugun Sirdaryo viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasida ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni “Ayollar daftari”ga kiritish hamda shu asosda ularga manzilli yordam ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va hududiy bo‘lim boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi, AT “Xalq banki” tuman (shahar) filiallari rahbarlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmasi mas'ul xodimlari ishtirok etdi.
Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi “Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida hududdagi xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish “Ayollar daftari”ga kiritilgan turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan ayollarni har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, ularga davlat tomonidan manzilli tarzda ko‘mak berish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Yig‘ilishda belgilangan muddatlarga qadar namunaviy jadvallar asosida tayyorlangan ma'lumotlarni o‘rnatilgan tartibda Respublika shtabiga taqdim etish, ayollar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kelgusida olib boriladigan ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi