O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan «Men g‘olib» shiori ostida ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi
2021-01-12 | Sport
Kuni kecha Toshkent shahrida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan «Men g‘olib» shiori ostida havaskorlar o‘rtasida ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri
Ommaviy yugurish musobaqasi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston triatlon hamda Yengil atletika federatsiyalari tashabbusi bilan tashkil etildi.
Yugurish musobaqasining umumiy uzunligi 10 km masofani tashkil etdi. Unda Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi qariyb 300 nafar tuzilmalar xodimlari hamda havaskorlar g‘oliblik uchun bahs olib borishdi.
«Men g‘olib» shiori ostidagi ommaviy yugurish musobaqasining jamoaviy bahslarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat bojxona qo‘mitasi, shuningdek, turli soha vakillaridan iborat jamoalar ishtirok etdi.
Ushbu musobaqada umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Mudofaa vazirligi jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Milliy gvardiya jamoasi egalladi. Faxrli 3-o‘rin Davlat xavfsizlik xizmati jamoasiga nasib etdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi