Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan iqtisodiy hamda ijtimoiy sohalarda 2020-yilda erishilgan asosiy natijalar, 2021-yilda iqtisodiy o‘sishni ta'minlash va amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlar to‘g‘risida ma'lumot
Joriy yilning 6-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasida Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 2020-yilda amalga oshirilgan hamda joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tkazilib, vazirlik va idoralar rahbarlarining 2020-yil yakunlari natijadorligi hamda 2021-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi.
2020-yilda global koronavirus pandemiyasi sababli tashqi talabning sezilarli qisqarishi sharoitida iqtisodiyotda yalpi talabni rag‘batlantirish maqsadida moslashuvchan fiskal va monetar siyosat amalga oshirildi. Bundan tashqari, pandemiya tufayli moliyaviy qiyin ahvolga tushgan aholi qatlami va tadbirkorlik sub'ektlariga bevosita va bilvosita ko‘mak ko‘rsatildi. Xususan:
a) real sektor korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
- moslashuvchan soliq-byudjet va pul-kredit siyosati yuritilib, qariyb
7 trln. so‘mlik soliq imtiyozlari va yengilliklari berildi;
- koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashish maqsadlariga 16 trln. so‘mlik qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirildi;
b) hududlarda iqtisodiy vaziyatning barqarorligini ta'minlash
va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, pandemiya sharoitida faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan 16,6 mingdan ziyod tijorat korxonalari (sanoat) ish jarayonini qayta tiklash yuzasidan haftalik monitoringi yo‘lga qo‘yilib, hududlar kesimida “korxonabay ish” tizimini tashkil etish orqali ularning faoliyati to‘liq tiklandi;
v) kambag‘allikni qisqartirish va aholini farovonligini oshirish choralari doirasida:
- ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar sonini dekabr' oyiga kelib, yil boshiga nisbatan 2 barobarga oshirish orqali 1,2 mln. oilaga yetkazildi;
- Qurbon hayiti bayrami arafasida “temir daftar”ga 182 mingdan ortiq oilalarga 154 mlrd. so‘mlik moddiy yordam pullari yetkazildi;
- moddiy yordam va ko‘makka muhtoj 280 mingta oilaning 1 mln. 195 ming nafar a'zosiga respublika byudjetidan 258,1 mlrd so‘m miqdorida bir martalik yordam puli to‘lab berildi;
- moddiy yordam va ko‘makka muhtoj “temir daftar” kiritilgan va boshqa ehtiyojmand oilalardagi 845 ming nafardan ortiq 16 yoshga to‘lmagan bolalarning har biriga 500 ming so‘mdan jami 422 mlrd. so‘m bir martalik yordam pul berildi;
- “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi ishlab chiqildi, kambag‘allik darajasini aniqlash mezonlari va baholash uslubiyoti, ijtimoiy ta'minotning minimal standartlari va me'yoriy asoslarini puxta ishlab chiqish maqsadida xalqaro ekspertlar jalb qilindi;
g) o‘zaro muvofiqlashtirilgan makroiqtisodiy siyosatni olib borish hisobiga inflyasiya darajasi 2019 yildagi 15,2 foizdan
11,1 foizgacha sekinlashdi.
Mazkur olib borilgan manzilli chora-tadbirlar natijasida,
2020 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va ijobiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolishga erishildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 2020 yilda iqtisodiy o‘sish ijobiy 1,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, 2020 – 2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida, birlamchi ma'lumotlarga asosan, 2020 yilda byudjet mablag‘lari hisobidan 16,2 trln. so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilib, 4 mingdan ziyod ijtimoiy soha va infratuzilma ob'ektlari foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston “Biznes yuritish” indeksida 7 pog‘onaga, “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 26 pog‘onaga, “Inson kamoloti” indeksida 2 pog‘onaga o‘z o‘rinini yaxshiladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston birinchi marta “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi” indeksiga kiritilib, 152 ta mamlakat orasida 92-o‘rinni egalladi.
2021-yildagi iqtisodiy siyosatdagi asosiy yo‘nalishlar Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis va keng jamoatchilikka qilingan Murojaatnomada aniq ko‘rsatib berildi.
Xususan, pirovard maqsad bo‘lgan kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini ta'minlashda Vazirlik oldida turgan birdan-bir yo‘l bu – yuqori va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash ekanligi va 2021-yilda uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish poydevorini tayyorlash ta'kidlab o‘tildi.
2021-yilda iqtisodiy o‘sish sur'atlarini tiklash va qo‘shimcha iqtisodiy o‘sish uchun zaxiralar yaratish asosiy vazifa qilib berildi.
Mazkur iqtisodiy o‘sishni ta'minlashning ikkita sharti etib, makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va xususiy hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilishga sharoitlar yaratish etib belgilandi.
Iqtisodiy o‘sishga erishish asosan ikkita kesimda:
(1) muvofiqlashtirilgan makroiqtisodiy siyosat yuritish, jumladan:
a) makroiqtisodiy barqarorlik uchun sharoit yaratish:
- inflyasiya darajasini 10 foizdan past bo‘lishi;
- davlat byudjeti taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizdan past miqdorda bo‘lishi;
- davlat tashqi qarzini maqbul darajada bo‘lishi;
- almashinuv kursini keskin tebranishini oldini olish va to‘lov balansi barqarorligini ta'minlash;
b) biznes va investision muhitni yaxshilashga qaratilgan fundamental tarkibiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini (xususan, iqtisodiyotda energota'minotini, transport va infratuzilmani yaxshilash, raqobat muhiti va xususiy mulk dahlsizligini ta'minlash, davlat ishtirokidagi korxonalarni transformasiya qilish va xususiylashtirishni jadallashtirish, yerdan foydalanish huquqlarini kafolatlash va yerlarni bozor aktivlariga aylantirish) amalga oshirish orqali yuqori va barqaror iqtisodiy o‘sishning poydevorini shakllantirish;
(2) hududlarda mavjud salohiyat va zahiralarni (o‘sish nuqtalarini) harakatga keltirish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2021-yilda kambag‘al oilalar daromadini oshirishga qaratilgan “motivasiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak” tamoyili asosida ijtimoiy xizmatlar paketini amalga oshirish, aholini oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlik ko‘nikmalari hamda kasb-hunarga o‘qitish ishlari davom ettiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi