Tashrif davomida, dastlab tumandagi “Chimboy” mahallasida viloyat va tuman mutasaddilari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalari va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosining “mahallabay” bajarilishi yuzasidan mutasaddi tashkilotlar vakillariga tegishli topshiriqlar berildi. Shu bilan birga har bir tashkilot o‘ziga yuklatilgan vazifaga vijdonan yondashib, xalqni rozi qilsagina “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyilining amaliy ifodasi xalqning turmush-tarzida namoyon bo‘lishi ta'kidlandi.
Shuningdek, vazir R.Mamatov tashrif doirasida tumanda yashovchi aholi vakillari bilan uchrashib, fuqarolarning elektr transformator va simyog‘ochlarni almashtirish, aholini suyultirilgan gaz ballonlari, ichki yo‘llar, bandligini ta'minlash kabi bir qancha murojaatlari tinglandi.
Jumladan, hududdagi 4 ta transformator va yana 4 ta kam quvvatli transformator, 140 ta simyog‘ochni yangilash, 6800 metr masofaga elektr simi tortish, aholiga 42 ta suyultirilgan gaz balloni yetkazish hamda mavjud 14 ta ichki ko‘chaning 7300 metr qismiga shag‘al tosh yotqizish kabi bir qancha muammolarga e'tibor qaratildi.
Shu bilan birga aholining o‘z tomorqalaridan samarali foydalanishlari uchun zarur sharoit yaratish maqsadida 2400 metrlik katta ariqni tozalash, 4 ta fermer xo‘jaligida 23 nafar, “Samarqand mukammal qurilish” MChJ g‘isht zavodida 22 nafar, “O‘zbekxinan” qo‘shma korxonasida 15 nafar hamda “Kamalak klaster” MChJda 42 nafar norasmiy ishlayotgan, jami 102 nafar fuqaroning faoliyatini rasmiylashtirish orqali ularni doimiy band qilish masalalari o‘rtaga tashlandi. Ushbu muammolarning barchasining tezkor hal etish bo‘yicha mas'ullarga zarur ko‘rsatmalar berildi.
Shundan so‘ng vazir R.Mamatov ishtirokida mazkur mahalladagi 102-sonli maktabda 15 nafar mahalla faollari bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat davomida hududda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, oilalarni mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot tadbirlarining ta'sirchanligini yanada oshirish lozimligi ta'kidlandi. Uchrashuv davomida “Chimboy” mahallasida yashovchi Gulbahor Xusanova va Baxtigul Qurbonovalarning bandligini ta'minlash maqsadida ularga tikuv mashinasi, I guruh nogironi Dilorom Qilichevaga esa nogironlik aravasi va televizor taqdim etildi.
Shuningdek, ushbu maktabda o‘tkazilgan sayyor qabul davomida 50 dan ortiq fuqarolarning murojaatlari tinglandi va ularni shu kunning o‘zida ijobiy hal etish bo‘yicha zarur choralar amalga oshirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi