Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 129-sonli umumta'lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Harbiylar bilan uchrashuv” mavzuida ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi o‘tdi.
Unda vazirlik mas'ullari, Tuman Mudofaa bo‘limi, Milliy gvardiya xodimlari, nafaqadagi harbiylar va mahalla yoshlari, ularning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, Istiqlol yillarida Milliy Armiyamiz kuch-qudarini yuksaltirish, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada oshirish, qo‘shinlarning moddiy-texnik ta'minot tizimini mustahkamlash borasida izchil islohotlar olib borildi. Natijada tarixan qisqa vaqt ichida mamlakatimiz mustaqilligi, ona Vatanimizning hududiy yaxlitligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning osoyishta hayotini saqlashga qodir ixcham, yaxshi ta'minlangan, yuksak jangovar ruhga ega bo‘lgan Milliy Armiyamiz barpo etildi.
Ayniqsa, so‘nggi oxirgi yillarda Muhtaram Yurtboshimiz — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni rahbarligida mamlakatimizda ofiser kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, Milliy Armiyamiz saflarini chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual jihatdan yetuk mutaxassislar bilan ta'minlash, fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tizimini isloh qilish, Qurolli kuchlarimizni zamonaviy harbiy texnikalar bilan ta'minlash bo‘yicha ham ulkan ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida xalqimizning armiyaga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgarib, Qurolli Kuchlarimiz saflari ham jismonan, ham ruhan yetuk, yuksak salohiyatga ega serjant va ofiserlar bilan boyib bormoqda.
— Bugungi kunda o‘zbek farzandlari uchun Milliy Armiya saflarida xizmat qilish, Qurolli Kuchlar safida ona Vatan sarhadlarini qo‘riqlash yuksak burch va sharafga aylandi, — deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Turg‘un Qirg‘izboev. — O‘ylaymanki, bu kabi uchrashuvlar yoshlarni ona Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida mahalla yoshlari jangovar texnika va qurollar bilan yaqindan tanishib, ushbu sohaga oid qiziqarli ma'lumotlarga ega bo‘ldilar. Harbiylar bilan o‘tgan samimiy suhbat davomida esa yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi