5-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S. Umurzakov Urganch shahrida Xorazm viloyati yosh tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida yoshlar faoliyati va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, yoshlar va davlat hokimiyati organlari o‘rtasida bevosita muloqot o‘rnatish mexanizmlari muhokama qilindi. Yosh avlodning jamiyat va iqtisodiyotni innovasion rivojlantirish drayveri sifatidagi o‘rni qayd etilib, har tomonlama ta'lim olish va malaka oshirishdan tortib, ijodiyot va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishda amaliy yordam berishgacha bo‘lgan yoshlar loyihalari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning yaxlit tizimini yaratish muhimligi ta'kidlandi.
Muhokama davomida yoshlar vakillari o‘z loyihalarini amalga oshirishda duch kelayotgan qator muammolarni, jumladan, biznes yuritish tajribasining yo‘qligini, kasbiy bilim darajasining yetarli emasligini, moliyaviy resurslarga, yer uchastkalariga, bino va inshootlarga bo‘lgan ehtiyojning, byurokratik to‘siqlarning mavjudligini va boshqa omillarni tilga oldilar.
Ta'kidlash joizki, yoshlar xususiy masalalar bilan bir qatorda muhokama qilish uchun muhim tizimli muammolarni ham o‘rtaga tashladilar va ularning aniq yechimlarini taklif etdilar. Chekka hududlar va qishloq joylarda istiqomat qiluvchi yoshlarning ijtimoiy xizmatlardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, zarur kasbiy ko‘nikmalarni olish, shuningdek, ijodiy va ishbilarmonlik g‘oyalarini amalga oshirish uchun teng imkoniyatlar yaratish borasida birgalikda ish olib borish umumiy ustuvorlik sifatida belgilandi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida yoshlarni ish bilan ta'minlashga yordam berish, loyiha va startaplarni amalga oshirish, shuningdek, ijtimoiy yo‘naltirilgan tashabbuslarda ishtirok etishning mavjud bo‘lgan va ishlab chiqilayotgan mexanizmlari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Suhbat yakunlari bo‘yicha aniq loyihalarni shakllantirish, moliyalashtirish manbalarini aniqlash va hayotga tatbiq etish mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida batafsil o‘rganish va ustida ishlash uchun eng istiqbolli taklif va biznes g‘oyalar tanlab olindi. Mutasaddi rahbarlarga ushbu takliflar ijrosini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash topshirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi