Davlat ilmiy tashkilotlarini bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasi e'lon qilindi
Vazirlar Mahkamasining “Davlat ilmiy tashkilotlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi va Moliya vazirligining Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “O‘zto‘qimachilik” uyushmasi tizimidagi davlat ilmiy tashkilotlarini bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Belgilanishicha:
a) bazaviy moliyalashtirilgan ilmiy tashkilotlarda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalar bo‘yicha ustama xarajatlar hisoblanmaydi;
b) bazaviy moliyalashtirishga o‘tkaziladigan ilmiy tashkilotlar rahbar va ilmiy xodimlarning ish haqi byudjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarning ilmiy faoliyatga oid dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy tashkilotlar rahbar va ilmiy xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi;
v) bazaviy moliyalashtirish doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat ilmiy amaliy markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining faqat ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanadigan tuzilmalarining xodimlari mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
g) bazaviy moliyalashtirish doirasida ilmiy tashkilotlarning quyidagi xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi:
• ma'muriy (jumladan ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari (bo‘limlari) rahbarlari, ilmiy va yordamchi xodimlariga belgilangan tartibda tasdiqlangan ilmiy tuzilma, shuningdek amaldagi shtatlar jadvaliga muvofiq) va yordamchi xodimlarining ish haqini to‘lash;
• majburiy sug‘urta badallari;
• xizmat safarlari xarajatlarini to‘lash (ilmiy xodimlarning xizmat safarlaridan tashqari, Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari bundan mustasno);
• Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarida ilmiy ekspedisiya xarajatlari;
• kommunal xizmatlari (suv, gaz, elektr energiyasi, issiqlik ta'minoti, kanalizasiya, ventilyasiya) to‘lovlari;
• bino va inshootlarni, asbob-uskuna va boshqa mol-mulklarni saqlash va ularni joriy ta'mirlash xarajatlari;
• transport ijarasi;
• telefon, kommunikasiya va boshqa telekommunikasion xizmatlar to‘lovlari;
• asosiy vositalarga kiruvchi tovarlarni sotib olish, sarf materiallari, boshqa tovarlarni sotib olish, boshqa joriy xarajatlar, qo‘riqlash (harbiylashtirilgan xizmatlar), xavfsizlik signalizasiyasi.
Fanlar akademiyasi Botanika institutidagi O‘zbekiston Milliy gerbariysi va Zoologiya institutidagi «Zoologiya kolleksiyasi»ning ilmiy va rahbar xodimlarining lavozim maoshlari Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan lavozim maoshlariga tenglashtiriladi.
Mazkur Qaror loyihasi muhokamasi joriy yilning 20-yanvar kunigacha davom etadi. Qaror loyihasi muhokamasida faol ishtirok etishingizni so‘raymiz.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi