Qirg‘iz Respublikasida bo‘lib o‘tadigan saylovlarni O‘zbekiston vakillari kuzatib boradi
2021-yil 10-yanvar kuni Qirg‘iz Respublikasida navbatdan tashqari prezident saylovlari va Qirg‘izistonning boshqaruv shaklini aniqlash uchun referendum bo‘lib o‘tadi.
Mazkur mamlakatda bo‘lib o‘tadigan saylovlarni O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari ham xalqaro kuzatuvchi sifatida bevosita kuzatib boradi. 6-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi M.Abdusalomov boshchiligida shu masalaga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, Markaziy saylov komissiyasi, Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlari saylov komissiya a'zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bor. Ular saylovlarni ShHT, MDH, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlarning missiyalari safida kuzatib boradi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi MSK tomonidan 2 nafar, ShHT Missiyasidan 1 nafar, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tashkilotidan 1 nafar, MDH PA missiyasi tarkibida 2 nafar, MDH missiyasi tarkibida, shu jumladan saylov kuni chegaradosh viloyatlarga yuboriladigan kuzatuvchilar soni 31 nafarni tashkil etmoqda. Ular Bishkek shahri, Botken, Jalolobod va O‘sh viloyatlarida joylashgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlarini kuzatib boradilar.
Manba: Markaziy saylov komissiyasi