O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Chotqol va Qurama tog‘ tizmalari yonbag‘irlaridan tosh davriga oid yangi arxeologik yodgorliklar aniqlandi
2021-01-06 | Fan
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi va Angren shahar muzeyi xodimlari tomonidan Chotqol va Qurama tog‘ tizmalari yonbag‘irlarida olib borilgan ilmiy izlanishlar davomida tosh davriga oid yangiliklar aniqlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Fanlar akademiyasi maʼlumotiga ko‘ra, tadqiqotlar natijasida bir qator yangi arxeologik yodgorliklar topilgan. Jumladan, Angren vohasi Yangiobodsoy va Qorabog‘soy irmoqlari yuqori oqimi hududlarida 2 ta tosh davri ustaxonasi, 2 ta manzilgoh, qabr-qo‘rg‘onlar kompleksi va qoyatosh suratlari aniqlandi.
Tosh davri ustaxonalaridan chiqqan topilmalar ushbu yodgorliklarning davriy chegarasi o‘rta paleolitdan boshlanib to so‘nggi paleolitning oxirlarigacha davom etganini ko‘rsatdi.
Aniqlangan manzillardan biri ustaxona yaqinida bo‘lib, so‘nggi paleolit davriga tegishlidir. Ikkinchi manzilgoh tosh davrining so‘nggi paleolit davri oxirida bo‘lgan. Topilgan yodgorliklarning davriy sanasi yer yuzasidagi topilmalar asosida chiqarilgan bo‘lib, keyingi izlanishlar masalaga aniqlik kiritishi mumkin.
Topilmalar ichida O‘zbekiston paleolitida oldin uchramagan noyoblar buyumlar ham bor. Xususan, toshdan yasalgan tumor birgina O‘zbekiston uchun emas, balki jahon paleolitshunosligida ham noyob hisoblanadi.
Aniqlangan qoyatosh suratlari va qabr-qo‘rg‘onlar ushbu hududlarni turli tarixiy davrlarda insonlar tomonidan faol o‘zlashtirilganini ko‘rsatadi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi