O‘tgan yilning noyabr oyida Toshkentda suzish bo‘yicha o‘tkazilgan mamlakat ochiq kubogi bahslari o‘zbek sporti uchun ahamiyatli musobaqalardan biri sifatida yodimizda qolgan edi.
Chexiya va Qirg‘iziston terma jamoalari vakillari ham qatnashgan mazkur musobaqa Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga saralash turnirlari qatorida e'tirof etilib, unda Olimpiada normativini bajargan suzuvchilar lisenziya qo‘lga kiritishlari bilan ahamiyatli bo‘ldi. Quvonarlisi, musobaqa terma jamoamizning 2 nafar vakili uchun Olimpiada normativini bajargani bilan yodimizda qoldi.
Xalqaro suv sporti turlari federatsiyasi (FINA) yangi mavsum uchun o‘z taqvimini e'lon qildi. Ahamiyatlisi, 2021-yil o‘tkaziladigan O‘zbekiston ochiq chempionatining saviyasi xalqaro darajada o‘z o‘rnini mustahkamladi. Taqvimga ko‘ra, 12-17 aprel kunlari poytaxtimiz suzish bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionatiga mezbonlik qiladi.
Biz uchun yanada e'tiborli jihati shundaki, endilikda ushbu musobaqa nafaqat Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari, balki jahon chempionatlari uchun ham saralash bosqichi vazifasini o‘tab beradi. Unda belgilangan normativni bajargan sportchilar Olimpiya o‘yinlari qatorida joriy yil Abu-Dabida kichik havzada o‘tadigan va kelasi Yaponiyaning Fukuoka shahri mezbonlik qiluvchi jahon chempionatlarida ishtirok etish huquqini ham qo‘lga kiritishlari mumkin.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi