Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutida “Xotin-qizlarni turmushga, oilaga, jamiyatga tayyorlashning amaliy-metodologik asoslari” mavzusida o‘quv seminar-treningi o‘z ishini boshladi.
Olti kun mobaynida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan mazkur seminar mashg‘ulotlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etadi.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilingan bo‘lib, bu huquqiy hujjatlarda sog‘lom oilani shakllantirish va uni munosib muhofaza qilish borasida muhim fikrlar bildirib o‘tilgan. Shuningdek, Ayollar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi yig‘ilishida ham mavzuga doir bir qator tegishli vazifalar belgilab berilgan.
Seminar davomida mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash hamda oila mustahkamligi, oila manfaatlarini himoya qilish, zamonaviy yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oilaning ma'naviy, axloqiy, iqtisodiy xususiyatlarini yoshlar orasida to‘g‘ri targ‘ib etish, oilada tinchlik va totuvlikni saqlash, farzand tarbiyasining o‘ziga xos jihatlari bag‘ishlangan muhim masalalarga alohida e'tibor qaratiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi