O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Mountain bike” endi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazmda ham rivojlanadi
2021-01-04 | Sport
Soʻnggi yillarda Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan ekstremal sport turi boʻlmish togʻ velosipedi, yaʼni “Mountain bike” Oʻzbekistonda ham jadal rivojlanib bormoqda.
Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi negizida “Mountain bike” boʻlimining ochilishi esa ushbu sport turining nafaqat aholi, balki yoshlar orasida ham ommalashishiga xizmat qiladi.
Yaqinda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida velosportning mautinbayk yoʻnalishini ommalashtirish borasida muhim qadam tashlandi. Gap shundaki, 2021-yildan Urganch shahrida joylashgan Xorazm viloyati Yakkakurash sport turlari boʻyicha IBOʻSMda velosportning mautinbayk yoʻnalishiga ixtisoslashgan boʻlim ochiladi. Yangi boʻlimning moddiy texnik bazasi sifatida Gurlan tumani BOʻSMga qarashli markaziy oʻyingoh tanlandi.
Shuningdek, Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha Nukus oliy sport mahorati maktabida ham velosportning mautinbayk yoʻnalishi boʻyicha boʻlim ochildi. Ushbu boʻlim Sport oʻyinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi bazasida faoliyat olib boradi.
Umid qilamizki, ushbu yangi boʻlimlardan tez orada mahoratli sportchilar yetishib chiqadi va ular xalqaro arenalarda Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilishadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi